Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Unda, viloyatdagi mavjud 79 ta yogʻ-moy korxonalari tomonidan paxta texnik chigitini toʻliq texnologik siklda maqsadli qayta ishlash, mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlar mavjudligi tizimli ravishda oʻrganilmoqda.

Hozirga qadar yogʻ-moy korxonalarining 32 tasida monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, ularning 28 tasida qonunbuzilish holatlari sodir etilgani aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasiga taqdimnoma kiritildi va 3 ta yogʻ-moy korxonasi yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishli qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2008-yil 20-oktyabrdagi “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan amaliy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Unda, kungaboqar, maxsarni sanoat asosida qayta ishlab, ekologik toza oʻsimlik moyiga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash yuzasidan bajarilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar moyli ekinlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarda Prezident Farmoni ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berilmoqda.

Viloyatda aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, ekologik toza oʻsimlik moyiga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida kungaboqar, maxsar yetishtirish boʻyicha izchil choralar koʻrilmoqda. Moyli ekinlarni koʻpaytirish aholi farovonligini yuksaltirish va fermer xoʻjaliklarining iqtisodiy samaradorligini yana-da oshirish imkonini beradi.

Bahodir Rahmonov,

«Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi

bosh inspektori