Safar taassurotlarini ota-onamizga zavq-shavq va iftixor bilan aytayotganimizda, bilmas edikki, nainki bizlar, balki bu qadim zaminga qadami tekkan inson borki, ana shunday tuygʻularni his etadi.
Tabiiyki, oʻrta asrlarda boqiylik ramzi sifatida “Gʻarbda Rim, Sharqda Samarqand” iborasi mashhur boʻlishi mohiyatini, bu yer butun dunyo tamaddunlari chorrahasi ekanini keyinchalik bilganmiz, anglaganmiz va yanada gʻururlanganmiz. Qolaversa, oradan koʻp oʻtmay qadim shahar obidalari YUNESKO roʻyxatidan joy oldi. Ayni kunda Samarqand inson oʻz umri davomida hech boʻlmaganda bir marotaba borib koʻrishi albatta zarur boʻlgan dunyodagi 50 ta shaharning biri sifatida eʻtirof etilgan. Tabarruk maskan Bolgarii, Peru, Hindiston, Braziliya, Pokiston, Belgiya kabi mamlakatlarning shaharlari bilan birodarlik rishtalarini bogʻlagan. Bu rishtalar keyingi paytda yanada mustahkamlanib va kengayib borayapti.
“Ochiq osmon” ostidagi ochiq kitob
Samarqandga borsam men agar... Mashhur qoʻshiqda aytilganidek, Ulugʻbekni koʻrib qaytaman. Oʻsha sayohatda oʻqituvchimiz Isroil Nurbekov Ulugʻbek rasadxonsiga kelganimizda benazir alloma kashf qilgan yulduzlar haqida toʻlqinlanib gapirib bergandi.
—Ulugʻbek ilmiy merosining eng maʻlum va mashhuri uning “Ziji” asari yoki “Ziji jadidi Koʻragoniy” deb ham ataladi, — degandi muallim. — Bu asarda 1018 sobita yulduzning oʻrni va holati aniqlab berilgan. Ularning hammasi oʻzi qurdirgan mana shu rasadxonada sekstant vositasida kashf etilgan.
Bugun esa Oʻzbekiston ulugʻbeklari yangidan-yangi osmon jismlarini aniqlashyapti. Keyingi yillarda Shimoliy yarim shardagi eng yaxshi kenglik stantsiyalaridan biri sanalgan Maydanak observatoriyasining oʻzida toʻrtta kometa, 80 dan ortiq asteroid va “Samarqand” nomi berilgan yangi kichik sayyora kashf etildi.
Yaqinda yoʻlim yana qadrdon yurtga tushdi. Samolyot Samarqand xalqaro aeroportiga ohista qoʻnar ekan, illyuminatordan uning bugungi manzarasini hayajonlanib kuzatib bordim. Ochilgan kitob shaklidagi yangi aeroport terminali ustiga qarasangiz, unda aynan “Ziji jadidi Koʻragoniy” dan joy olgan yulduzlar turkumi tasviri tushirilgan osmon koʻrinishi nigohingizni tortadi. Tez orada yangi terminal ishga tushgach, bu koʻrinish, ayniqsa, tunda ulugʻvor va jozibali manzara kasb etadi.
Mazkur aviaqoʻnalgʻa rekonstruksiyasi mavjud xalqaro terminalni modernizatsiyalash, uning yangisini qurish, uchish-qoʻnish yoʻlakchasini bunyod etish hamda radiolokatsiya tizimlarini yangilashni oʻz ichiga olgan. Bu yerda turli rusumdagi “havo kema”lari uchun 24 ta qoʻnalgʻa va 700 oʻrinli yengil avtomobillar toʻxtash joyi qurilishi ham nazarda tutilgan. Aeroport oʻtkazuvchanlik qobiliyatining soatiga 350 tadan 1000 tagacha oshirilishi uning hozirgi yillik 460 000 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish miqdorini 2 milliontaga yetkazish uchun imkoniyat yaratadi.
Aslida Prezidentimizning Samarqandga har bir tashrifidan keyin uning meʻmoriy qiyofasi yanada mahobat, fayz va koʻrkamlikka yuz tutadi. Xususan, 1967-yilda ishga tushgan va zamonaviy talablarga javob bermay qolgan aeroportni tubdan taʻmirlash loyihasini amalga oshirishga 2018-yilda kirishilgan edi. 2019-yilda davlatimiz rahbari bu loyiha bilan tanishishi chogʻida uning qamrovini tubdan oʻzgartirish va kengaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
“Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan mazkur aeroport rekonstruktsiyasi uchun 62 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflanmoqda. Qoʻnalgʻani barpo etish va jihozlashda yurtimiz quruvchi-muhandislari bilan bir qatorda ularning Rossiya, Turkiya, Germaniya hamda Buyuk Britaniyadan kelgan hamkasblari ham ishtirok etyapti.
Hozirga qadar uzunligi 3105 va eni 60 metr boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagi, uni yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatib boʻlindi. Tubdan taʻmirlanayotgan va barpo etilayotgan yangi terminallarda pardozlash hamda jihozlash ishlari nihoyasiga yetmoqda.
— Yangi terminal ishga tushgach, bir vaqtning oʻzida 4 ta reysga xizmat koʻrsatish imkoniyati paydo boʻladi, — deydi “Enter Engineering” kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Rustam Haydarov. — 2019-yilda biz hafta davomida 40 ta reysga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, endilikda 120 taga etadi.
Aeroportda koʻrsatiladigan xizmatlar arzon, sifatli, tez va qulay boʻlishi uchun “aqlli” texnologiyalar yordamiga tayaniladi. Ana shunday ish tutumining yuk ortish va yetkazib berish jarayoniga ham qoʻllanilishi boshqa avmvkompaniyalarni ham jalb etishga yoʻl ochadi. Binobarin, viloyatda eksportbop meva-sabzavotlar etishtirish koʻpayib boryapti. Bu mahsulotlarni kargo xizmati orqali jahon bozoriga chiqarish olis manzillarga ham sarxil va tez etib borishini taʻminlaydi. Aeroport “Ochiq osmon” rejimida toʻliq ishlay boshlagach, bu erda 1000 kishining bandligi taʻminlanadi.
Shu kabi masʻuliyatli vazifalarni bajarishni “Air Marakanda” kompaniyasi davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida oʻz zimmasiga olgan. Aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga 80 million dollar investitsiya kiritilib, uni Germaniyaning Myunxen, Turkiyaning Istanbul xalqaro aeroporti mutaxassislari bilan hamkorlikda yirik transport va sayyohlik markaziga aylantirilishi rejalashtirilgan.
Roʻyi zamin sayqali
Samarqandgv borsam men agar... Bundan 50 yil avval rahmatli otam bilan Registonga kelganimni eslayman. Qadimiy maydon birmunchayin chuqurda, old tomoni esa bozor edi. Atrofda koʻroq oziq-ovqatlar, pishiriqlar sotilardi.
Otamning “Bolam, bu juda muqaddas joy. Unda Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Mirzo Bobur yurgan. Bu erdagi madrasada Alisher Navoiy tahsil olgan”, degan gaplarini eslayman.
Registon hanuzgacha shaharsozlik sanʻatining mukammal shoh asari boʻlib kelmoqda. Oʻzida Ulugʻbek, Sherdor madrasalari va Tillakori masjid-madrasasini mujassam etgan bu ansamblʻ rang-barang koshinkori bezaklari, naqshinkori peshtoqlari, ulkan gumbazlari blan butundunyo sayyohlarini lol qoldiradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshiriqlari asosida Registonning chor-atrofi tubdan qayta qurildi. Ortiqcha binoyu qurilmalar olib tashlanib, obod sayilgohga aylantirilgach, uning boʻy-basti yanada ulugʻvorlik kasb etdi. Bu yer xalqaro anjumanlar, maʻrifiy-madaniy tadbirlar, “Sharq taronalari” kabi festivallar oʻtkaziladigan, millionlab sayyohlarning qadami uzilmaydigan tabarruk maskanga aylandi.
Bugun buyuk bobokalonimiz Amir Temurning mahobatli haykaliga, tarixning suronli davrlariga guvoh boʻlgan obidalarga qarab, beixtiyor oldingi koʻrimsiz va gʻarib manzaralar xayolimda jonlanadi. Mustabid tuzum davrida pala-partish qurib tashlangan koʻrimsiz uylar, pastqam savdo doʻkonlari, fayzsiz tor koʻchalar... Boz ustiga, bu yerdagi sanoat korxonalari hamda ulardan atrof-muhitga taralayotgan badboʻy tutuni...
Xoʻsh, endi-chi?! Hududning bugungi tarovatini oʻsha davrlardagi manzara bilan bir qiyoslab koʻring! Yer bilan osmoncha farq bor.
Qurilish hamda taʻmirlash ishlarida milliy meʻmorchilik anʻanalari va zamonaviy shaharsozlikning eng yuksak namunalari amaliyotga izchil tatbiq etilayotgani diqqatga sazovordir. Jumladan, Boʻstonsaroy, Rudakiy, Panjakent, Dahbed koʻchalari, ular boʻylarida qad rostlagan koʻp qavatli uy-joylar, bir qator ziyoratgohlar, oʻnlab inshotlar mazkur yoʻnalishdagi ishlarning yorqin koʻrinishidir.
Shu bilan birga, shaharda landshaft dizayni masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilyapti. Kashtan, eman, archa, qayin, Qrim qaragʻayi kabi atrof-muhit musaffoligini taʻminlovchi turfa daraxtlar oʻtqazildi, gulzor hamda yashil maysazorlar tashkil qilindi.
Bugungi kunda Samarqand zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasiga ega markazlardan biriga aylanib boryapti. Hozirgi kunda bu yerda 1000 dan ziyod sanoat korxonasi barqaror faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 200 ga yaqini xorijlik hamkorlar bilan tashkil etilgani yurtimizga chet ellik sarmoyadorlar katta qiziqish bildirayotganining yana bir yorqin tasdigʻidir.
—Tadbirkorlarimiz qoʻshni davlatlardan tashqari, Germaniya, Fransiya, Finlyandiya, Polsha kabi yigirmadan ortiq mamlakatga oʻz mahsulotlarini eksport qilmoqda, — deydi Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov. — Mahalliylashtirish dasturining izchil amalga oshirilishi tufayli import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar nafaqat ichki bozorlarimizni toʻldirmoqda, balki xorijga ham sotilmoqda.
Boy tarixga ega boʻlgan bu azim shahar oʻzining ulugʻvor meʻmoriy yodgorliklari, moviy gumbazlari, betakror sharqona qiyofasi bilan azaldan dunyoda dong taratgan. Shu bois har yili bu erga jahonning yuzdan ziyod davlatlaridan millionlab sayyohlar tashrif buyuradi.
— Tarix va zamonaviylik ajib tarzda uygʻunlashib ketgan bu goʻzal shaharni tomosha qilib, yurtingiz oʻtmishi nechogʻli buyukligini angladim, — deydi germaniyalik tadbirkor Gevard Kokkert. — Bu zaminda pishib etilgan shirin-shakar mevalarni dunyoning boshqa joyida uchratish qiyin. Mamlakat taraqqiyotiga, shaharu qishloqlar obodligiga hamma birdek hissa qoʻshayotgani ham tahsinga loyiq. ehtimol, ana shu omillar bois koʻnglimda “Oʻzbekistonga, Samarqandga yana koʻp bor kelaman”, degan niyat tugʻildi. Bu zaminda koʻrganlarimni yaqinlarimga ham soʻzlab beraman.
Agar yaqin orada xorijlik tadbirkorning yaqinlari yoki oʻzi bu yerga kelsa, yangidan-yangi oʻzgarishlarning guvohi boʻlishi, shubhasiz. Chunki, Samarqand yashash uchun qulay “millionli shahar”ga aylantiriladi. Buning uchun uning tarkibiga qoʻshni tumanlardan muayyan hududlar qoʻshiladi. Davlat idoralari va maʻmuriy xizmatlar tarixiy markazdan boshqa joyga koʻchiriladi. 2 ta tonnelʻ va 2 ta koʻprik quriladi.
Shu yil 9-dekabr kuni Prezidentimizga Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimotida qayd etilganidek, uning asosiy drayverlaridan biri boʻlgan turizm sohasida 40 ming kishining bandligini taʻminlash koʻzda tutilmoqda. Viloyatni yurtimizning “Turizm darvozasi”ga aylantirish orqali kelgusi besh yilda sayyohlik xizmatlari hajmini 10 barobarga oshirish moʻljallangan. Jumladan, 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etiladi.
Bu sohadagi eng ulkan loyiha — tariximiz, madaniyatimiz va “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan Samarqand biznes va turizm markazi hisoblanadi. 212 gektar maydonda barpo etilayotgan bu maskanda xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, dam olish va koʻngilochar obyektlar, hunarmandchilik markazi, sunʻiy suv havzalari boʻladi. Bu yerda 5 mingdan ziyod yoshlar bandligi taʻminlanadi. Umuman, viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini yiliga 5 millionga yetkazish maqsad qilingan.
Samarqandning tarixiy qiyofasini saqlash muhim boʻlganidek, aholining oʻsib borayotgan ehtiyoji uchun sharoit yaratish ham eng ustuvor vazifa. Shahar chekkasidagi Qorasuv mavzesida qurilayotgan zamonaviy uy-joylar ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Prezidentimiz 2019-yilda viloyatga tashrifi chogʻida bu erdagi dastlabki uylarni koʻzdan kechirib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Oʻtgan davrda bu loyihalar hayotga koʻchdi, minglab oilalar uy toʻylarini nishonladi. Ayni paytga qadar mavzeda qurilgan koʻp qavatli uylar soni 120 tadan oshdi. Ular yonida 1 ming 600 oʻrinli maktab, 120 oʻrinli bolalar bogʻchasi, mahalla fuqarolar yigʻini binosi, savdo doʻkonlari, oʻyin va sport maydonchalari qad rostladi. Bu yerdagi qurilish ishlari davom etyapti.
Samarqandga borsam man agar... Shu tabarruk zaminda yashab, ijod qilayotgan doʻstim, jurnalist va shoir Farmon Toshev bilan albatta diydorlashaman. U bu gal ham Samarqand viloyatidagi oʻzgarishlar xususida maroq bilan soʻzlaydi.
— Odamlar oʻzgardi, — deydi u. — Ilgari moddiy yordam soʻraganlar bugun tadbirkorlik uchun yer, maydrn, kredit soʻrab turibdi. Limon, pomidor va boshqa poliz hamda sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan mahalla va qishloqlar paydo boʻldi. Nasib etsa, Nurobodlagi quyosh stansiyasi, Dargʻom kanalidagi ixcham elektro stansiyalar ishga tushsa, elektr energiyasidagi muammolar ham hal boʻladi. Qishloq xoʻjaligi mahsulottlari 50 dan ortiq davlatga eksport qilinayapti.
Viloyat hokimligi har yili eng faol ijrlkorlarni eng yaxshi kitob va asar mualliflarini ragʻbatlantradi. Shu yilning oʻzida oʻnga yaqin ijolkorning kitobini chiqarib berildi. Gazetamizning qariyb 20 ming nusxada chiqishi ham odamlar tafakkurining oʻzgarganidan nishona.
Samarqandga borsam men agar... Qadim tamaddun, boqiy bunyodkor zamin har tomonlama yangilanib, oʻzining nomiga mos mahobat va ulugʻvorlik kasb etib borayotganini koʻrish hammamizga ham nasib etsin.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri