Sankt-Peterburg-Samarqand yoʻnalishi boʻyicha AFL-2870 parvoz qilayotgan, bortida 56 ta yoʻlovchisi boʻlgan “Aeroflot” aviakompaniyasining havo kemasi mahalliy vaqt bilan soat 10:50 da yoʻlovchilardan birining (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi) salomatligi yomonlashgani va unga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarurligi sababli, Qozogʻistonning Qiziloʻrda aeroportiga favqulodda qoʻndi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yoʻlovchida yurak xastaligi xuruji alomatlari kuzatilgan.

Ekipaj samolyotni eng yaqin aeroportda qoʻndirishga qaror qilgan.

Aeroportga qoʻngach, yoʻlovchi tez tibbiy yordam mashinasida malakali tibbiy yordam koʻrsatish uchun tibbiyot muassasasiga olib ketilgan.

Toshkent vaqti bilan soat 12:20 da, bortida 55 ta yoʻlovchisi boʻlgan “Aeroflot” aviakompaniyasining samolyoti Samarqand aeroportiga qoʻnishni amalga oshirdi.