Bugun Yozuvchilar uyushmasi samarqandlik yoshlarni qarshi oldi. Tadbirda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani “Navnihol” ijodiy jamoasi boshchiligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi tuman boʻlimlarining vakillari, tumandagi 50 ta umumtaʼlim maktabining iqtidorli oʻquvchilari jam boʻldi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, uyushma aʼzolari Orziqul Ergashev, Gʻayrat Majid, Botir Ergashev ishtirokidagi adabiy uchrashuv koʻtarinki ruhda oʻtdi.
Unda Sirojiddin Sayyid yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Ularning fikrlarini eshitdi. Bugungi adabiy jarayonlar, kitob mutolaasi, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ijodni, adabiyotni sevish, berilgan imkoniyatlardan keng foydalanish haqida soʻz yuritdi. Ustozlar bilan oʻtgan iliq xotiralarini yodga oldi. Yigʻilganlarga “Sheʼriyat” nomli sheʼrini oʻqib berdi.
Shundan soʻng adiblar yoshlarning ijod namunalarini tinglashdi. Uchrashuvda Navroʻz Hasanov, Charos Qurbonova, Oyjamol Shodiyeva kabi yosh ijodkorlar sheʼr oʻqib berdi.
– Bugungi tadbirda “Navnihol” toʻgaragining uch avlod vakillari qatnashmoqda, – dedi toʻgarak rahbari Oygul Mamatova. – Ijodkorlar davrasida yoshlarimiz yanada ilhomlanib, suhbatimiz sheʼrxonlikka aylanib ketdi. Bu esa bugungi nihollarning adabiyotga, ijodga boʻlgan ishtiyoqidan dalolatdir. Ustoz ijodkorlar bilan ochiq muloqotda boʻlishlari ularning kelgusidagi ijodiy izlanishlarida katta maktab vazifasini oʻtaydi.
Tadbir qatnashchilariga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Sirojiddin Sayyidning “Soʻzmunchoq”, Orziqul Ergashevning “Yulduzsiz osmon”, Gʻayrat Majidning “Yoʻldaman, nurli yoʻlda”, Gavhar Ibodullayevaning “Vatan siyrati”dan iborat kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Pedagoglar, oʻquvchi-yoshlar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyida boʻldi. Undagi durdona kitoblar, eksponatlarni muzey mutaxassisi Munira Ramazonova yaqindan tanishtirdi. Ularning muzey tarixi haqidagi savollariga javob berdi.
Yosh isteʼdodlarning Adiblar xiyoboniga qilgan sayohati yanada taassurotli boʻldi. Ustoz adiblarning haykallari poyiga gullar qoʻydi. Bir soʻz bilan aytganda, samarqandlik yoshlar adabiyot oʻchogʻidan esda qolarli xotiralarga ega boʻlib qaytishdi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist