Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand viloyatida yigit-qizlarni traktorchi-mashinist kasbiga yoʻnaltirish yuzasidan keng qamrovli tadbirlar oʻtkazilmoqda. Viloyatning Kattaqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan oʻquv seminari ham shu mavzuga bagʻishlandi.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi tashabbusi bilan Kattaqoʻrgʻon shahar kasb-hunar maktabida oʻtkazilgan oʻquv seminarda viloyatdagi mavjud 18 ta davlat hamda 1 ta nodavlat kasb-hunar maktablari direktorlari ishtirok etishdi.

— Qatnashchilarga dastlab malakali traktorchi-mexanizatorlarni tayyorlash yuzasidan zamonaviy texnika parki shakllantirilishi boʻyicha atroflicha maʼlumot berildi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi boshligʻi Nurali Namozov. — Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga asosan, endilikda traktorchi-mashinist kasbini egallamoqchi boʻlgan yoshlar III-klass toifasini olish uchun 280 soatdan kam boʻlmagan nazariy va amaliy oʻquv dasturi,  II – va I – klass toifalari uchun  86-soatlik oʻquv dasturi asosida oʻqitiladi. Traktorchi-mashinistlar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashgʻulotlar asosida olgan bilimlarini sinovdan oʻtkazishadi. Buning uchun kasb-hunar maktablari qoshida zamonaviy jihozlangan traktordromlar tashkil etilmoqda. Unda tinglovchilar qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini turli vaziyatlarda boshqarish boʻyicha mahoratlarini sinovdan oʻtkazishadi.

— Eʼtiborli jihati shundan iboratki, endilikda traktorchi-mashinist kasbini egallash istagida boʻlgan yoshlar belgilangan oʻquv kursini toʻliq tugatgach, nazariy va amaliy jihatdan test sinovlaridan oʻtkaziladi, — deydi Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Shaxriddin Butunov. — Undan muvofaqqiyatli oʻtganlarga inspeksiyaning Samarqand shahar va tumanlar boʻlimlari tomonidan guvohnomalar beriladi. Bugungi kunda viloyatdagi majud davlat va nodavlat kasb-hunar maktablarida 1118 nafar yoshlar taʼlim olishmoqda. Ularning 447 nafariga traktorchi-mashinist guvohnomalari berildi.

Oʻquv seminar davomida malakali mutaxassislarni tayyorlash yuzasidan nazariy va amaliy mashgʻulotlarni zamon talablari asosida tashkil etish boʻyicha galdagi vazifalar belgilab olindi.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

axborot xizmati