“SAMSUNG”dan “APPLE”gacha o'zbek qizi bosib o'tgan muvaffaqiyat yoʻli yoshlar uchun motivatsiya

    Maqolani tayyorlashga ikki og'iz gap turtki bo'ldi. Xadradagi dizayn maktabiga qatnaydigan o'g'lim: “Oyi, maktabimizga “Apple” kompaniyasida ishlaydigan ayol kelib, mahorat darsi o'tar ekan, Amerikadan Toshkentga kelibdi”, deb qoldi.

    Gazetamizda “Tesla”da ishlaydigan o'zbek qizi haqida berilgan maqola yodimga tushdi. Maqola qiziqish bilan o'qilganini ko'pchilik o'quvchilardan eshitib, xursand bo'lgandim o'shanda. “Apple”da muvaffaqiyatga erishgan yana bir o'zbek qizi ham yurtdoshlarimizni befarq qoldirmasa kerak, deb o'yladim. Dizayn maktabi rahbariyatidan ayolning telefon raqamini oldim. Telegram tarmog'i orqali o'zimni tanishtirib, u bilan suhbat qilish niyatim borligini aytdim, qahramonimiz yuzma-yuz ko'rishish shartligini yozdi. Kelishilgan kun, belgilangan soatda suhbatdoshim — Sadoqat Qozievaning Toshkentdagi ofisiga etib bordim.

    Hech qachon kutib o'tirma

    yoxud Buyuk Britaniya meni mustaqil hayotga tayyorladi

    Chilonzor tumanidagi 178-lingvistik maktabda ta'lim olgan Sadoqat Qozieva ota-ona roziligi bilan Buyuk Britaniyaga yo'l oladi. U erda 6 yilga yaqin biznes menejment bo'yicha o'qiydi. Boshqa millatlarning tili, hayoti, madaniyatiga qiziqishi kuchli bo'lgan o'zbek qizi olis yurtda ham o'qib, ham ishlashga qaror qildi. Shunday qilsa, u odamlar bilan ko'proq muo­malaga kirishar, inglizlar hayotini aniqroq ko'radigandek edi. Qolaversa, Buyuk Britaniyada talabalar haftasiga 20 soat ishlashi mumkin.

    Ish tanlab o'tirmadi, KFCda ishladi, ofis­larda faoliyat yuritdi. Kiyim do'konlarida sotuvchilik qilgan paytlari esa, aynan o'zi istaganidek odamlar bilan ko'proq muomalada bo'ldi. Shu tariqa 16 yoshidan mustaqil hayotga kirib bordi. Uning fikricha, o'zini o'zi moddiy ta'minlagan har qanday odam o'sadi, o'z mehnatini baholay oladi, har narsaning qadriga etadi. “Hech qachon kutib o'tirma. Hammasi harakatga bog'liq!” shiori unga hamisha motivatsiya beradi. Qo'l, oyoq, ko'z butunmi, albatta, harakat qilish kerak. Intilishlar bugun, ertaga, bir oy, balki bir yilda ham emas, bir kun kelib, albatta, o'z samarasini beradi.

    Odamlarga

    yengillik yaratgim keladi

    Sadoqatning “Apple”ga borib qolishi uning uchun go'yo toshqin daryoning narigi qirg'og'iga o'tish bilan barobar bo'lgan, desak xato emas. O'zbekistonlik yigit-qizlarning aksariyati uchrashuvlarda unga “Apple”ga qanday borib qolgansiz?” deb savol berishadi. Sadoqat esa, bu yo'ldagi “shirin azoblar”ini qayta-qayta hikoya qilishdan erinmaydi.

    “Ota-onam Amerikaga ko'chishganida, men ham birga ketdim. U erdagi kollejda ta'lim olib, kommunikatsiyani o'rgandim. 2013-yilda Kaliforniya shtatida bir texnologik kompaniyada ish boshlaganman. Aynan o'sha erdan bugungi muvaffaqiyatimga yo'l ochildi. Chunki ishga olish jarayonida turli odamlarning biografiyasi bilan tanishishga to'g'ri kelardi. Marketolog­lar, muhandislar, sotuv bo'limi xodimlari va hokazolar. Ular orasida nogahon UX/UI dizayner degan lavozim haqida o'qib qoldim. Yangilik bo'lgani uchun shu kasbga qiziqdim. Bir tomondan, yosh onaman. Xayriyatki, turmush o'rtog'im ham texnologiya sohasi vakili. Bir-birimizni to'g'ri tushunganimiz uchun kadrlar bo'limida ishlab turib, UX/UI dizaynni o'rganishimga yordam berdi.

    Keyinroq Texas shtatidagi Ostin shahriga ko'chib o'tdik. Uchinchi farzandim o'sha erda tug'ildi. Tabiiyki, bola sal katta bo'lgach, ish qidira boshladim. Ostindagi katta kompaniyalardan
    biri “Samsung” bo'lib, xodimlarining
    70 foizi koreyslar edi. Kadrlar bilan ishlashda tajribam bo'lgani uchun kompaniyaga test sinovidan o'tib, ishga joylashdim. Kompaniya binosining ichkarisiga kirib borishingiz bilan o'zingizni Koreyadagidek his qilasiz. U erda bir yildan oshiqroq ishladim. Asosan dasturlarni osonlashtirish, yangiliklar kiritish, jarayonlar tuzish bilan shug'ullandim. Tabiatan odamlarga har narsani soddalashtirib, engillashtirib berishni yaxshi ko'raman. Hatto “ob'ektivka” yozishniyam soddalashtirishni talab qilardim. Umuman, barcha sohada odamlarga oson bo'lishini istayman. Bu boradagi ishlarim menejerimga ham ma'qul kelib, “bo'ldi, shu ish sening zimmangda, har hafta yangi jarayonlarni tuzasan”, degan. Guruh yig'ib, o'sha jarayonni yo'lga qo'yardim. Har oy yangi lo­yiham bo'lardi. Ichki intilishlarimga ko'ra, harakat qiladigan inson bo'lganim uchunmi, nazarimda, “Samsung”da o'sishdan to'xtab qolganday his qila boshladim, o'zimni”.

    Umrimning oxiriga qadar talaba bo'lib qolishni istayman

    Uyimizdan “Apple” kompaniyasigacha 10 da­qiqalik yo'l edi. “Apple”ning birinchi ofisi Kaliforniyada bo'lsa-da, Ostindagi ikkinchi ofis ayni paytda juda kengaygan. “Samsung”ga ketayotib, albatta, “Apple”ning yonidan o'tar, uning ulkan binosi, afishalariga alohida e'tibor berardim. Bir kun chorrahada svetoforning yashil chirog'ini kutib turib “Apple”da ham o'zimni sinab ko'rsam-chi”, degan fikr xayolimga keldi. “Samsung”dagi ikki hamkasbim mendan oldin “Apple”ga o'tishgandi. Ular bilan aloqada bo'lib turganim bois, “Apple”da boshqacharoq ekanini tasavvur qilardim. To'g'rirog'i, bu erda o'sishga imkoniyat kengroq bo'lsa kerak, deb o'ylardim. Aslida, odamning o'zi qiziqmasa, birovning fikri uni hech qachon o'zgartira olmaydi. Muhimi, istak insonning o'zida bo'lishi kerak.

    “Apple”da to'g'ridan-to'g'ri boshqa bir bo'limda ishlab ketishim mushkulligi, ishga olish bo'limida esa qiynalmasligimni o'ylab, telefonimdagi raqamlarni birma-bir qarab chiqdim. Amerikada telegramga o'xshagan linkding platformasidan foydalanishadi. O'shandan ishga yo'naltiruvchi 3-4 kishiga yozdim. Amerikada ishga kirmoqchi bo'lsangiz, avval tashqi rekruter bilan interv`yu qilasiz, agar unga yoqsangiz, sizni ichki rekruterga tavsiya qiladi. 2 hafta o'tib, ularning biridan javob keldi, muloqot qildik. 1-2 haftadan keyin u meni ichki rekruterga tavsiya qildi. 2 haftada ichki rekruter qo'ng'iroq qildi. Darvoqe, Amerikada ishga kirish masalasida ichki rekruterga yoqib qolish juda muhim. Shunda u sizni yulduzli nomzod sifatida tizimda ushlab turadi. Ichki rekruterga ham ma'qul bo'ldim shekilli, biroz kutasan, dedi. Keyin Kaliforniyadagi bir xodim bilan telefonda yarim soat interv`yu qildik. Uning ruxsati bilan “Apple”ning o'ziga borib, interv`yulardan o'tadigan bo'ldim. Ostindagi ofisda birinchi kuni uch odam bilan interv`yu bo'ldi. Har biri bilan 30 minutdan suhbatlashdim. Har birining qo'lida qog'oz, ruchka. Men bilan suhbatlashayotib, bir nimalarni qoralab o'tiradi. Faqat bir menejer kasal ekan, u bilan interv`yuga uch kundan so'ng kelishimni aytishdi. “ey xudo, buncha meni tekshirishadi”, deganman o'shanda. Yaxshiki, to'rtinchi menejer xushchaqchaq odam ekan. 30 minut bo'lishi kerak bo'lgan intervyu 1 soatu 15 minutga cho'zilib ketdi.

    O'sha kuni “Apple” uchun sizning hayotga qarashingiz, nafaqat qarashingiz, uni qanday his qilishingiz ham muhim ekanini tushunib etdim. Zero, ishga taalluqli bo'lmagan savollar ham beriladiki, maqtanchoq, faqat o'zim deydigan insonlar shundoqqina o'zini o'zi namoyon qilib qo'yishadi. Menejerlardan 2 nafariga yoqmagan bo'lsangiz ham o'ylab ko'rishadi. Hammasi bir-biri bilan fikr almashib, interv`yularni tahlil qilishadi. U erda tanish-bilish, boy-kambag'al, kiyim rol` o'ynamaydi. Ular hamma narsadan me'yor qidirishadi. Buni ular treninglarda ham ochiq aytishadi.

    2 kundan keyin menga javob yozishdi. Interv`­yulardan muvaffaqiyatli o'tibman. Maqsadimga yaqinlashganim sari o'zimga sig'masdim. Qo'limdan kelgan barchasini qilayotganim, bu yog'i YAratgangagina bog'liq ekanini his qilib turardim. Shu o'rinda yoshlarga o'ylagan rejangiz amalga oshmay qolsa, avvalo, maksimal darajada harakat qildimmi, deb o'zingizga savol berib ko'ring. Balki biron joyda dangasalik qilgandirsiz, degan bo'lardim.

    “Qachon ish boshlay olasiz”, deb “Apple”dan qo'ng'iroq qilishganida, “nahotki” deb sakrab yubordim. Barcha hujjatlarga qo'l qo'yildi, shartnoma imzolandi. Shuningdek, “Apple”ning juda kuchli o'ziga xos falsafa kitobi hamma qatori menga ham tutqazildi. Ishga kelgan kuningizdanoq o'sha kitobni berishadi. Biron gap bo'lsa, albatta, kitobni eslatishadi. Shunday qilib, “Apple”dagi kar`eram boshlandi va u erda 3 yil UX/UI dizayner bo'lib faoliyat yuritdim. “Samsung”dagi kabi jarayonlarni engillashtirish, o'zgartirish, taklif berish, yangi loyihalar yaratish bilan shug'ullandim. Tobora “Apple”da ham hamma narsa osonlasha boshladi.

    Grafik dizayndan UX/UI dizaynga o'tganlar haqida youtube tarmog'idan ma'lumot izladim, bu yo'nalishga oid kitoblar sotib oldim. Bilim va tasavvurlarim ancha oshib qolgandan keyin bildimki, UX/UI dizayn sohasida ishlasam bo'ladi. Faqat buning uchun chuqur va intensiv ta'lim (butkemp)ni o'rganishim kerak edi. Kechqurun uy yumushlaridan so'ng 2-3 soat vaqtim borligini o'ylab, 9 oylik butkemp kursida onlayn o'qiy boshladim. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagach esa, menga UX/UI dizaynda ishlash juda qiziq ekani, shu bois, boshqa bo'limga o'tishni istayotganimni ma'lum qildim. “Apple” kompaniyasida bir bo'limdan boshqa bo'limga o'tish uchun ham interv`yular bo'ladi. Yana interv`yu vaqtlari belgilandi. Onlayn tarzda Kaliforniyadagi xodimlarning 9 nafari bilan suhbatdan o'tdim. 2 haftadan keyin bu borada menga yo'l ochiq ekanini aytishdi.

    “Apple”dan chiqar ekanman, har kuni nimadir olayotganimni bilar va shuning uchun o'sishdan to'xtaganim yo'q, deb hisoblar edim. Hayotda har kuni bir narsani o'rgangim, shu ma'noda umrimning oxiriga qadar talaba bo'lib qolgim keladi.

    Kompaniya­da ish jarayonidagi har qanday ­muammoni o'zingiz hal etishingiz talab qilinadi. Masalaning loaqal 50 foiz echimini bilishingiz, bilganda ham 1 ta emas, 3-4 ta yechim ko'rsata olishingiz kerak. Bu esa, ustingizda muntazam ishlashga undaydi. Natijada sizda liderlik qobiliyati ham shakllanadi.

    O'zbekiston.

    Istiqbolli loyihalar

    Sadoqat Amerikadan turib har kuni O'zbekistonni kuzatib boradi. Zero, inson qaerda bo'lmasin, kindik qoni to'kilgan tuproq tafti uning qalbida yurtga bo'lgan muhabbatni olovlantirib turadi. Shu bois, farzandlarini bir kun albatta, O'zbekistonga olib kelish, ularga ona Vatanini birovlarning emas, o'zlarining ko'zi bilan tanitishni niyat qilgan. Zero, ularning hammasi Amerikada tug'ildi. Bugun ular Toshkentda o'zbek tili, madaniyati, urf-odatlarini zo'r qiziqish bilan o'rganyapti. Milliy taomlarimizga ham tez ko'nikishdi. Ayniqsa, tandirdan issiqqina uzilgan shirmoy nonlarimiz ta'mini ular Amerikadan topolmasligini ochiq aytishadi.

    — 18 yil avval O'zbekistondan ketgan edim, keyingi yillarda yurtimizda ulkan o'zgarish­lar bo'ldi, — deydi Sadoqat Qozieva. — Barcha sohada islohotlar amalga oshyapti. eng quvonarlisi, oxirgi 3 yil mobaynida IT keskin rivojlandi. Bu bizni juda hursand qilishi barobarida yangi-yangi g'oyalarga ham ilhom berdi. O'sha g'oyalar, tajribalarimizni O'zbekistonda hayotga tatbiq etishga qaror qildik. Toshkentga kelganimizga ko'p bo'lgani yo'q. Turmush o'rtog'im, akalarim bilan birga ITda yangi loyihalar, jarayonlar yaratish ustida ishlayapmiz. Hozir 4 ta loyihamiz yo'lga qo'yildi. Agar loyihalarimiz istiqbolli bo'lib, ular amalga tatbiq etilsa, O'zbekistonda qolib, IT sohasini rivojlantirishga hissa qo'shmoqchimiz. “Apple”ga keladigan bo'lsak, men uchun uning eshigi hamisha ochiq. Buni menejerlarning o'zlari ko'p bor ta'kidlashgan. Shunday ekan, Amerikada orttirgan tajribam, salohiyatimni ishga solib, ona yurtim yoshlariga motivatsiya berish asosiy vazifam, deb bilaman.

    Ha, qahramonimizning chet eldagi nufuzli kompaniyada, zamonaviy yo'nalishda ish yuritganini eshitgan ko'plab o'quv markazlari, dizayn maktablari uni o'z o'quvchilari bilan muloqotga taklif eta boshladilar. Ana shunday uchrashuvlardan so'ng Sadoqat mamlakatimizda ayollarga ITda kar`era qilish uchun go'yo bir maydon etishmayotganini chuqur his qildi. Negaki, uchrashuvlar so'nggida asosan, qizlar ITda rivojlanish, portfolioni to'ldirish uchun nima qilish kerakligi to'g'risida Sadoqatdan maslahat so'rashyapti.

    — Agar bu kabi qizlarni bir g'unchaga qiyoslasak va ularni to'g'ri parvarish qila olsak, ulardan ertaga juda go'zal guldasta hosil bo'ladi, — deydi Sadoqat. — Ilm yo'lida karera qilishda jinsni cheklash kerak emas. Qiz bola ham o'g'il boladek aqlan kuchli, salohiyatli bo'lishi mumkin. Ayni shunday iqtidorlarni kashf etish yo'lida kimlargadir yordamim tegsa, tajribamni kimlardir o'zlashtirsa, boshim ko'kka etadi.

    Darhaqiqat, ko'nglidagini boricha ko'rsatish, faqat rost so'zlash, odamlarga engillik yaratishga odatlangan bu kamtar, soddadil o'zbek qizi xorijda ko'p narsaga erishib bo'ldi.
    U baxt tuyg'usini bitta so'z bilan izohlab bera olmaydi. To'g'ri-da, kim uchundir baxt — karera, kimning baxti — oila, kimdir sportdan baxt topadi. Sadoqatning qalbida esa bu tuyg'u umum­insoniylik kasb etgani bilan ahamiyatli. U hamma o'z maqsadiga etishini, ayniqsa, yoshlarning zamonaviy ilmlar bilan yuksalishini, bu yo'lda esa qo'lidan kelganicha ularga yordam berishni baxtning eng go'zal ko'rinishi, deb biladi.

    Munojat Mo'minova,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri