Bugungi kunda mamlakatimizning olis hududlarida ham zamonaviy tadbirkorlik subyektlari paydo boʻlib, bozor uchun import oʻrnini bosuvchi, eksportbop yangi mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirilayotgani buning tasdigʻidir.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oyda real sektor va xizmatlar sohasida ishbilarmonlik muhitini oʻrganish hamda hududlarda biznes-faollik boʻyicha turkum axborot-tahliliy materiallar nashr etib boradi. Bunda biznes holatining qisqa muddatli sifatli baholanishi soʻrovlar va rasmiy statistik maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Jumladan, may oyidagi soʻrovlar shuni koʻrsatdiki, ishbilarmonlik muhitining jamlangan indeksi bir oy oldingi pasayishdan keyin oʻsgan, yaʼni avvalgi oyga nisbatan 1 punktga oshib, 60 punktni tashkil etdi. Biznes holatining oʻzgarishi koʻproq qurilish va sanoat sektoridagi ijobiy oʻzgarishlarga bogʻliq boʻldi.
Shu bilan birga, xizmat koʻrsatish sohasidagi biznes-iqlim biroz pasaygan boʻlsa-da, umuman olganda, oʻtgan oyda Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhiti holati sezilarli darajada yaxshilangan. Respublika boʻyicha 1000 dan ortiq tadbirkor ishtirok etgan soʻrov natijalari shuni koʻrsatadi.
Soʻrovnomada oʻz biznesining hozirgi holatini “yaxshi”, deb baholagan respondentlar ulushi 40 foizni, “yomon” deb biluvchilar esa 12 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, korxonalarning 23 foizi ishchilar sonini koʻpaytirgan, 45 foizi oʻz tovar va xizmatlariga talab oʻsganini qayd etdi.
Taʼkidlaganimizdek, jamlangan koʻrsatkichning oʻsishiga sanoat va qurilish tarmoqlaridagi biznes-iqlim dinamikasi sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Xususan, sanoatda ishbilarmonlik kayfiyati 13 punktga oʻsib, 67 punktga yetdi, qurilish sektorida esa mos ravishda 12 punktga koʻtarilish, yaʼni 70 punktgacha oʻsish kuzatildi. Biroq, agar xizmat koʻrsatish sohasidagi ishbilarmonlik muhitining jamlangan koʻrsatkichi yil boshidan beri ketma-ket toʻrt oy davomida barqaror oʻsishni koʻrsatgan boʻlsa, may oyida u 7 punktga pasayib, 60 punktni tashkil etdi.
Biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutishning jamlangan koʻrsatkichi uch qiymatga oʻsib, 75 punktni tashkil etdi. Bu sanoat sektoridan tadbirkorlar ishonchi yaxshilangani bilan izohlanadi. Xususan, ushbu sektordagi biznes kutilmalari bir oy ichida 20 punktdan koʻproqqa koʻtarilib, 61 punktdan 82 punktga yaxshilandi.
Keyingi uch oyda oʻz biznesi umumiy ahvoli yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi 74 foizni tashkil etdi, 69 foizi tovar va xizmatlarga talabning yanada oshishiga umid bildirgan. 64 foizi esa ishchi-xodimlar sonini koʻpaytirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlarning 20 foizi yaqin uch oy ichida oʻz tovar va xizmatlari narxi oshishini kutmoqda.
Umuman olganda, ushbu koʻrsatkichlar va kutilmalar oʻrtasidagi bogʻliqlik tahlili iqtisodiyot rivojlanishidagi ijobiy tendensiya kelgusi uch oyda ham davom etishini bildiradi.
Yana bir diqqatga sazovor jihat: toʻsiqlarga duch kelgan tadbirkorlar soni bir oyda 6 foizga ozaygan. Masalan, moliyalashtirish va yer uchastkalaridan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelgan respondentlar ulushi bir oy ichida mos ravishda 4 va 10 foizga kamaydi. Aprel–may oylarida yuqori soliq stavkalari xususida savoli bor tadbirkorlar ulushi 9 foizdan 4 foizga tushdi.
Qishloq xoʻjaligi vakillarining soliq maʼmuriyatchiligidagi muammolar boʻyicha savoli 9 foizga oshdi. Shu bilan birga, moliyalashtirishda qiyinchiliklar mavjudligini qayd etganlar ulushi 15 foizga, yer uchastkalari va suv taʼminotida esa 6 foizga kamaydi.
Qurilish sohasida soliq maʼmuriyatchiligi, ruxsatnoma va litsenziyalar, gaz taʼminoti, korrupsiya va kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar haqida xabar berish kamaydi.
Xizmat koʻrsatish sohasida yer uchastkalaridan foydalanishda muammoli jihatlar koʻpaygani holda, moliyaviy munosabatlarga kirishishda qiyinchiliklarni koʻrsatuvchi tadbirkorlar ulushi 3 foizga, yuqori soliq stavkalari esa 4 foizga kamaygan.
Bilamizki, Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish moʻljallangan.
Yuqoridagi raqamlardan koʻrinib turibdiki, bugun Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitiga taʼsir etuvchi siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy omillarga katta ahamiyat berilayotgani ushbu maqsadga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlardir. Yaʼni, eng avvalo, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish uchun huquqiy zamin yaratilgani, aniqrogʻi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonun ustuvorligi taʼminlanayotgani, bu qonunlar tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirish tomon yoʻnaltirilayotgani eʼtiborga molik.
Taraqqiyot strategiyasi xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni keng qoʻllash bilan bogʻliq muhim vazifalarni oʻz ichiga qamrab olar ekan, bunda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida kichik biznes va tadbirkorlikni raqobat asosida rivojlantirish uchun yangicha yondashuvlarni taqozo etadi.
Feruzbek DAVLETOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining
sanoat klasterlari faoliyatini rivojlantirish
shoʻbasi rahbari