Bu qaror san'at, madaniyat ahli uzoq kutgan, soha xodimlarining dilidan tiliga chiqqan olamshumul bir hujjat bo'ldi. Zero, shu paytgacha hali bu sohada bunday qaror qabul qilinmagan, bunchalik miqdordagi mablag' ham yo'naltirilgan emas. Bir yil uchun bu juda katta sarmoya, albatta. Shu jihatdan olib qaraganda ham, mazkur hujjat san'atkorlarni ruhan ko'taradigan, ularni tinib-tinchimaslikka undaydigan qaror bo'ldi. Qarorning har bir bandida eng dolzarb, echimini kutib turgan vazifalar belgilandiki, bu borada davlatimiz rahbarining e'tibori tushmagan hech bir jihat qolmadi. Bu avvalo, san'at ahliga bo'lgan yuksak e'tibor. Ayniqsa, yoshlarga keng imkoniyatlar berilgani sohaga qadam qo'yayotgan ertamiz egalari qalbidagi muhabbatni yanada ziyoda etdi.

Qaror qabul qilingach, Madaniyat vazirligida keng qamrovli, san'at ahlini jam qilgan yig'ilish bo'ldi. Majlisda ishtirok eta turib, shu paytga madaniyat va san'at sohasida juda ko'p jihatlarga e'tibor bermay kelinganini yana bir bor chuqur his qildim. Shuningdek, bu nafaqat yoshu keksa, balki barcha san'atga daxldor insonlarga birdek quvonchli, umidbaxsh qaror bo'ldi.

 Yosh san'atkorlar, ijodkorlarga qaratilgan e'tibor ham tahsinga sazovor. Bunday ishlar sohada bo'lmagan hali. endi yuragida umid uchquni uyg'ongan har bir yosh uyli-joyli, qo'shimcha ishli bo'laman, hech kimdan kam bo'lmayman, deb ezgu niyat bilan yurakdan ishlaydigan payt keldi. Hech shubhasiz, yuksak darajadagi e'tirof, g'amxo'rlikni his qilgan kelajagimiz vorislari albatta vatanga fidokorona xizmat qiladi.

Biz, katta avlod vakillari ham davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan bildirilgan ishonchga munosib tarzda izlanishdan to'xtamasligimiz, tinimsiz ishlashimiz kerak. Necha yillik boy tajribalarimizdan kelib chiqib shakllantiradiganimiz — “Mahorat maktabi” orqali ko'plab umidli yoshlarning taqdirida muhim o'rin tutishimizni his qilishning o'zi qanchalar sharafli.

Qaror bilan O'zbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo'limlari tomonidan lektoriy kontsertlari o'tkazilishi, ularni o'tkazish bilan bog'liq xarajatlarning davlat tomonidan moliyalashtirilishi ham sohada ko'plab tizimli ishlarning amalga oshishida muhim o'rin tutadi.

O'zbek xalqining milliy madaniyatini targ'ib etuvchi tanlovlarning joriy etilishi esa, milliy musiqa san'atimiz, milliy qo'shiqchiligimiz taraqqiyotiga, o'zbek san'atining dunyoga yuz tutishiga munosib xizmat qiladi. Musiqa cholg'ularida bajarilgan eng yaxshi 100 ta ijro, 100 ta milliy qo'shiq, 100 ta milliy musiqiy kliplar kashf etilishi bilan san'atimizda hozirgidan-da noyob durdonalar paydo bo'ladi. eng muhimi, keng qamrovli ushbu qaror bilan xalqimizning o'ziga xos madaniyati va san'ati rivojlanishning yangi pallasiga qadam qo'yadi.

G'ulomjon Yoqubov,

O'zbekiston xalq artisti