Do'st achitib gapirar — dushman kuldirib deyishadi. Shirin, silliq gapirish to'g'risini aytishdan ko'ra ancha oson. Zero, do'st bo'lib jon koyitish, ya'niki, aslida yaxshilik sog'ina turib yomon ko'rinish evaziga to'g'ri gapirish har kimga ham emas.

Shu ma'noda “YAxshidir achchiq haqiqat” deb nomlangan kitobga hayotiq haqiqatlarni jamlagan Gulchehra Umarovani hammaga do'stlikni sog'inadigan ijodkor, deyish mumkin. Diplom ishi sabab san'atga mehri tushgan jurnalist shu kungacha o'zini san'atdan bir zum ayro tasavvur qila olmadi. U adabiyot, madaniyat, san'at bilan yashaydi, san'atkorlar ruhiyatini o'rganadi, san'at mavzusini yonib yozadi.

Opaning maqolalar to'plami taqdim etilishi munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasining tabarruk ostonasidan kirar ekanman, odamlarimiz qalbidan joy olgan ko'plab qadrdon chehralarni ko'rib quvondim. San'atni, san'at haqidagi sohir so'zlarni sevganlarning bari shu erda ekan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid g'oyat samimiy, iliq dil so'zlari bilan davrani ochish barobarida Gulchehra Umarovaning uyushmaga a'zo bo'lganini e'lon qildi. Tadbir davomida so'z olgan  Ahmadjon Meliboev, Shuhrat Rizaev, Olimjon O'sarov, Salim Ashur, O'zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, jurnalist Nozima Vohidovalarning har biri Gulchehra Umarova shaxsiga go'zal fikrlar, kitob ichidagi maqola, esselarga e'tiroflar bildirdilar. San'atni xolis munosib baholash, uning rivoji yo'lidagi muammolarni aniq-tiniq aytish uchun siz kabi tilida “shirin tikan”i bor fidoyi insonlar g'oyat zarurligini ularning barchasi birdek ta'kidladi.

To'plamga “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboev so'zboshi yozgan. Unda “Gulchehra ko'p yilar davomida qog'ozga tushirgan fikrlarini jamlab, kitob holiga keltiribdi. Ularning aksariyatini qo'lyozma holida o'qiganman, u er-bu eriga qalam tekkizganim ham bor. Ammo bugun to'plam holida o'qib, kasbimizning fidoyi vakillaridan biri uzoq yillik ijod umrini behuda o'tkazmaganiga yana bir bor amin bo'ldim”, degan samimiy jumlalari bor yozuvchining.

 Kitob 2021-yilda “G'afur G'ulom” nashriyotida chop etilgan. 500 nusxada nashrdan chiqqan kitobni qo'lga oldimu, shoshib varaqladim. Bosh ko'tarmay, zerikmay, maza qilib o'qiydigan kitob bo'libdi.

Taqdimotda so'zga chiqqan adabiyotshunoslar, jurnalistlar to'plamning mohiyati va muallifning ijodiy izlanishlari haqida gapirdi.

San'atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar dillarga huzur bag'ishladi. Tadbir so'nggida muallif barcha yig'ilganlarga hurmat va e'tibor, to'plam borasida bildirilgan fikr-mulohazalar uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Munojat Mo'minova,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri