Davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Qahramoni va Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori YAngi O'zbekistonimiz adabiy-ijtimoiy hayotidagi tarixiy voqea bo'ldi. Ushbu qarorda “Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg'usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan etuk badiiy asarlari, sermazmun hayotiy va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o'rni va ahamiyati” alohida ta'kidlangani bejiz emas.
Hayotbaxsh hujjat sharofati bilan ulug' ustozlarimizning shu paytga qadar ochilmay yotgan sandiqlaridagi qo'lyozmalar yuzaga chiqdi.
Oq-qora qo'lyozmalar, qoralamalar. SHom va tong misol, Abdulhamid CHo'lponning kecha va kunduzi yanglig', tun va kunga monand qora-oq, oq va qora qo'lyozmalar, qoralamalar. SHoirlik umrining tong va shomlari, qalb va ruh kechinmalarining kecha va kunduzlari, tun va kunlari. Oq-qora ranglarda, qora-oq ranglardagi sog'inchlar, iztiroblar, orzu va niyatlar, diydor va ayriliqlar. Kamol deysizmi, zavol deysizmi, xobu xayol va yo hajru visol deysizmi – barcha tashbeh va iqtibosingizga mos va muvofiq kelaveradi. Alisher Navoiy bobomizning bedor qalbi bilan izohlaganda, “Mening firoqimu oning visoli tun bila tong”, G'afur G'ulom tili bilan aytganda, “Mening zavolimu oning kamoli tun bila tong”, misrasi o'sha mustabid tuzumlarning avzoyi bilan bag'oyat uyqash va o'xshash...
Biz bugun YAngi Uyg'onish zamoni, YAngi O'zbekistonda yashayapmiz.
Adiblar xiyobonidagi ustoz Abdulla Oripovning muhtasham haykali poyida o'tkazilgan katta adabiy-ma'rifiy anjumanda taniqli ijodkorlardan biri barchani qutlug' ayyom bilan tabriklar ekan, juda o'rinli va chiroyli lutf qildi: “Bahor ayyomi, she'riyatimiz Navro'zi bugun emas, aslida Prezidentimiz qarori bilan bundan uch-to'rt oy avval allaqachonlar boshlanib bo'lgan edi...”
SHu latif iqtibosdan aytish mumkinki, ustozimiz sandig'idagi qo'lyozmalar ham vijir-vijir qaldirg'ochlar misoli nazmimiz osmonida ozod, erkin parvoz eta boshladilar.
Ustoz Abdulla Oripov:
Men ham yashayapman o'z zamonimda,
Davrimdan qayga ham tushardim yiroq, –
deb yozarkan, ikki misragina she'rda o'sha og'ir davrlarga ishora qilganini yurak-yurakdan his etamiz.
Bahor ham o'z-o'zidan kirib kelmaydi, albatta. Qaldirg'ochlar bekorga yurt osmoni to'ldirib uchmaydi. Sinov va imtihonlarga, quvonchu sog'inchlarga to'liq qishimiz ham, bahorimiz ham o'zimizniki, tashvishimiz-yumushimiz ham shu el, shu Vatan bilan, elning tinchi va saodati bilan birga va baqamti. Ustozning o'zlari, “Sening visolingdan quvonmay nega, Bahor, sog'intirding axir ko'p uzoq”, deganlariday, tabiatning ham, eru koinotning ham o'z qonun-qoidalari va o'lchamlari bordirki, shu qonuniyatga binoan barchasi o'z vaqti-soati bilan joy-joyiga tushmog'i muqarrar. “Qarshi qo'shig'i”da shunday satrlarni o'qiymiz:
Lekin uning bahori, o, sen cho'llar bahori,
Sog'intirgan onamning diydori senday shirin.
erta kun qovjirashdan bo'lsa ham dilda zori,
Lola labi xandonu tubda dog'i yashirin.
Abdulla akaning ijodiy-adabiy merosi.
Ustoz Abdulla Oripovning betakror adabiy merosi...
“Meros” deyishga ham til bormaydi – qaysi tomondan kelmang “adabiy” jumlasi “abadiy”ga evrilib boraveradi.
Navoiy hazratlari haqida faxr bilan gapirar ekan, Abdulla aka mo''jazgina bir to'rtlikda butun mangulikni singdira olgan edi:
Abadiyat bilan qay so'z egizak,
Balki yaxshi orzu, yaxshi niyatdir?
Mangulik anglanar Navoiy desak,
Navoiyning o'zi Abadiyatdir.
Ozod domlaning iborasi bilan aytadigan bo'lsak, satrlar tirik, ular nafas olyapti, ko'klam chog'i gupurib-ufurib gullayotgan nayson nihollari yanglig' bo'y taratyapti, ifor sochyapti. Asl she'riyatning aslligi ham hayotiyligi va hayotbaxshligida emasmi.
Darvoqe, Abdulla akaning ilk she'riy turkumi aynan domla Ozod SHarafiddinovning “Oq yo'l, Abdullajon!” sarlavhali dil so'zlari – duosi bilan “SHarq yulduzi” jurnalining o'tgan XX asrda – 1964 yilgi beshinchi sonida bosilganiga ham, mana, salkam oltmish yil bo'libdi. Salkam oltmish yil bo'lyaptiki “Men nechun sevaman O'zbekistonni”, “Sen bahorni sog'inmadingmi?” singari she'rlar o'z sehri va qudrati, nafosati va sadoqati bilan bahoriy tarovatini yo'qotmay yashab kelayotir.
... Hanifa yangamizning, ustozning yupanchi va quvonchi bo'lmish suyukli va kuyunchak qizlari Ruxsoraoyning dalolat berishlaricha, Abdulla akaning nazmiy sandig'ida chiqarilmagan, chop etilmagan she'rlari, qo'lyozmalari hali talaygina. Ularning salmog'i, zalvori jamlab-chamalab ko'rilsa agar, ustozning nashr etilib, allaqachon xalq mulki va millat g'ururiga aylanib ketgan asarlari ko'lami va miqyosidan ko'proq chiqsa chiqadiki aslo kam emas ekan.
Bu biz – no'noq va gerdaygan shogirdlar-shogirdchalar, o'zi o'ziga mahliyo so'z isrofgarlari – to'rt qator she'rimizni da'voyu doston qilib, sarxush va sarmast, shon-shuhrat fazolarida baland parvozlar talab etayotgan, bir zum bo'lsa-da, o'z jonu tanamizda o'ylab ko'rdikmi: So'z nima? So'z yo'lida so'z ustida jon bermoq nimayu shoirlik nima?.. Mo''jazgina bir to'rtlikda bo'lsa agar o'n to'qqiz yo yigirmatagacha so'z bo'lishi mumkin. Ustoz shunday bir to'rtlikkinani o'n etti marta qayta ishlab, o'n ettita jumlasini bus-butun o'zgartirganini qanday timsol, qanday iqtibos bilan ifodalash kerak?..
O'sha temir-beton zamonlarda shuncha katta shoirlar turib, ulkan adib Abdulla Qahhor nima uchun aynan Abdulla Oripov yoki erkin Vohidovdek yosh ijodkorlarning she'rlaridan o'z hikoyalariga epigraflar olgan?..
Mitti yulduzdan ham mittiroq yosh shoirning ilk kitobiga Mirtemir domladek ustoz oqinlaru so'z dehqonlari ne sababdan muharrirlik qilgani-yu, aynan Oybek, SHayxzoda domladek ulug' zotlar boshini silab, maqtab-alqaganlari nima uchunligini bilamizmi?..
Adabiyotning ulkan tog'lari sanalmish bu alloma adiblar ijarama-ijara yashab yurgan yoshgina yigitchaga YOzuvchilar uyushmasiga a'zo bo'lmog'i uchun mehr va hafsala bilan tavsiyanomalar yozib bergan, qo'llab-quvvatlagan...
Muhabbatim lol qotgan ul tog'laring aytsin,
Tongda ohim takror etgan bog'laring aytsin,
Mensiz kechgan har bir lahza, chog'laring aytsin:
Sen uchundir bor hayotim, shuhratim-shonim,
Qo'llaringni bergil menga, shirinzabonim.
Aziz o'quvchilar e'tiboriga birinchi marotaba yaxlit kitob shaklida havola etilayotgan she'rlar Abdulla akaning asosan o'smirlik chog'lari, talabalik pallasi – o'n etti, o'n sakkiz, o'n to'qqiz, yigirma-yigirma bir yoshlarda yozgan, shuningdek, seriztirob umrning boshqa fasl va pallalarida yozib sandiqqa tashlab qo'yilgan qo'lyozmalaridan tartib berildi. Ularda burungi va bugungi adabiy jarayon ixlosmandlari, ayniqsa, katta adabiyot ostonasida mo'ralab turgan yosh ijodkorlar uchun talay ibratlar, o'rgansa arziydigan so'z jilolari, mehr va sadoqat, qalb va ruh iqtiboslari mavjud.
To'plamdagi “Tanqidchiga” nomli she'r ham bugungi muharrir-munaqqidlar uchun foydadan xoli bo'lmas, degan umidvorlik bilan shu kungacha etib kelibdimi, demak ustoz ham uni bekorga qog'ozga tushirib chamadonga tashlab qo'ymagan bo'lsa kerak.
Abdulla akaning Hamid Olimjon ijodiga mehri ham, ixlosi ham bo'lakcha edi. Adabiyotda maktab yaratgan shoirlar unchalik ko'p emas, Hamid Olimjon esa maktab yaratgan shoir, buni bilib qo'yinglar, der edi.
“Ko'klamingdan olib sururni, Dovruq soldi ustoz Olimjon”, “Sen barhayot onamsan, Vatan”, “SHabnamday ma'sumu ko'klam kabi yosh” singari ko'plab satrlar va mehr to'la she'rlarni chuqur hurmat va minnatdorlik bilan aziz ustoziga bag'ishlagan edi.
Demak, katta adabiyot dargohida turgan yosh iste'dodlar ulug' ustozlarning o'zlari qaysi ulug' ustozlarning maktabidan o'qib-o'rganganligini ham bilishlari zarur.
Benazir ustozimiz Abdulla Oripovning mana shunday naysoniy havolarga tuyingan toza va muattar she'rlarini qadrli kitobxonlarga taqdim etar ekanmiz, “bugungi zamonning zukko o'quvchisini bir narsaga ishontirish qiyin”ligini e'tiborga olib, ustoz she'rlarining qo'lyozma nusxalari faksimiliesini ham uzviyligi va silsilaviyligini saqlagan holda yaxlit kitob shaklida did va farosat bilan tartib berishda jonbozlik ko'rsatgan, mazkur g'oya muallifi va kayvonisi muhtarama Hanifa yangamizga, har bir she'rni yo satrni nonning ushog'iday ko'zga surtib, avaylab-e'zozlab bizga etkizgan Ruxsora Oripovaga ko'psonli she'riyat muxlislari nomidan chin dildan minnatdorlik bildiramiz. Navro'zingiz, she'r va surur ayyomingiz muborak bo'lsin, aziz vatandoshlar!
Ustozning o'zi lutf etganday:
YUrt bukun karvonlar boshida nordir,
YUrt bukun sharq ichra tengsiz bir diyor.
YUrt bukun ohuday xo'p ishvakordir,
Sir kabi seravjdir, Pomirday poydor.
Tole yulduzining qutlug' ziyosi
Saodat burjida balqqan zamon bu.
Bepoyon Vatan bu – yo'qdir qiyosi,
Ajib bir bo'ston bu – O'zbekiston bu.
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston xalq shoiri