Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi xabar berdi.
Bugungi kunda muzqaymoq asosan sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez oʻzgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shu sababli doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi.
Issiqlik taʼsirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, isteʼmol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi oʻzgarib, bakteriyalarni oʻziga jalb qilish xususiyati ortadi.
Afsuski, bugun koʻchada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda.
Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatgich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap.
Bugungi kunda yoʻl-yoʻlakay sotilayotgan muzqaymoqlar koʻpaydi. Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan isteʼmolchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Koʻcha-koʻyda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas.
Zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlarini olib borilmoqda. Mahsulotlardan nazorat tahlili olganimizda koʻchada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi. Qayd etish joizki, koʻp hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab boʻladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni isteʼmol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.
Yoʻl-yoʻlakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot yoʻq. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanmagan va ularning tibbiy koʻrikdan oʻtgani toʻgʻrisida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga koʻra, maishiy xizmat koʻrsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy koʻrikdan oʻtib turishlari zarur.
Muzqaymoq asab va oshqozon-ichak faoliyatining bir maromda kechishida foydali, ammo bu mahsulotni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir. Avvalo sut mahsulotining qayerdan olib kelingan, veterinariya ekspertizasidan oʻtib, maʼlumotnomaga ega boʻlganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi, shularga diqqat qaratish darkor.
Muzqaymoqni tayyorlaganda, albatta, zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qatʼiy bajarish kerak. Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kasallangan boʻlsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod qilib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq boʻladi. Bundan tashqari, qoʻlida teri-kasalliklari va panaritsiya boʻlsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi.
Xususan, tozalikni saqlash boʻyicha ishchilar orasida tez-tez profilaktika tadbirlarini oʻtkazib turish zarur. Tozalik oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishda eng samarali va qulay usuldir, — deyiladi xabarda.