Sanksiya ostidagi shaxslar O‘zbekiston banklarida hisobraqam ochishi taqiqlanishi mumkin

    Voqea-hodisalar 14 Fevral 2024 1147

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

    Mazkur qonun loyihasi bilan Markaziy bankning kredit va to‘lov tashkilotlarida iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarni o‘rnatish ko‘zda tutilyapti. Unga ko‘ra, kredit va to‘lov tashkilotlariga iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablar doirasida mijozlarga hisobvaraqlar ochish va operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqi belgilanyapti.

    Amaldagi qonunchilikda kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatida iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni tartibga solish va nazorat qilishning huquqiy asoslari mavjud emas. Bu esa iqtisodiy sanksiyalar ostida bo‘lgan yoki sanksiyaviy xatarlarga ega shaxslarga mahalliy banklarda to‘siqlarsiz hisobvaraqlarni ochish va operatsiyalarni amalga oshirishga imkoniyat yaratmoqda.

    Majlisda so‘zga chiqqan Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Turdaliev iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarni beligilash bo‘yicha huquqiy asoslarning yaratilishi Markaziy bankka kredit va to‘lov tashkilotlarining xatarlarni boshqarish tizimlaridagi zaifliklarni o‘z vaqtida aniqlash, xatarlarni to‘g‘ri baholash va minimallashtirish yuzasidan samarali mexanizm shakllantirish imkoniyatini berishini ta'kidlagan. Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali bank tizimi moliyaviy barqarorligi mustahkamlanishiga, xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan respublika bank tizimiga nisbatan bo‘lgan ishonch oshishiga hamda fuqaro va xo‘jalik sub’ektlarining transchegaraviy operatsiyalari uzluksizligi ta'minlanishiga erishiladi.

    Deputatlar tomonidan qonun loyihasi birinchi o‘qishda maqullangan, deb xabar beradi Bankers.uz