Sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,1 dan 26,7 foizga oshdi

    Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi oʻsish 141,3 foizni tashkil qildi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda sanoat sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning eng muhim natijalari oʻrganildi.

    Institut matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, oʻrganish natijalariga koʻra 2017-2022-yillarda sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,1 foizdan 26,7 foizga oshgan. Bu davrda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi oʻsish 141,3 foizni tashkil qildi. Bunday barqaror oʻsish YAIMda sanoatning ulushi ortishiga olib keldi.

    Ishlab chiqaradigan sanoat tarmogʻi jadal surʼatlar bilan rivojlanib, oʻsish surʼati oʻtgan davr mobaynida 147,4 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, elektr, issiqlik va gaz taʼminoti tarmogʻi (139,2 foiz), shuningdek, togʻ-kon sanoati (130,4 foiz) jadal surʼatlarda rivojlandi.

    Oʻzbekiston sanoatining 83,2 foizini ishlab chiqaradigan sanoat tarmogʻi tashkil etadi. Bu yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyoni qayta ishlash darajasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tarmoqlarni kompleks rivojlantirish dasturlari hayotga tatbiq etilayotgani natijasidir.

    Oʻrta va yuqori texnologiyali tarmoqlar ulushining 52,7 foizdan 61,7 foizga oshgani ham sanoat tarkibidagi sifat oʻzgarishlaridan dalolat beradi. Bu ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham xaridorgir boʻlgan yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlami oshgani dalilidir.

    Masalan, portlandsement ishlab chiqarish shu davrda 1,3 barobar, qoʻrgʻoshinli akkumulyatorlarni ishlab chiqarish – 1,4 barobar, avtomobil dvigatellarini ishlab chiqarish – 2,5 barobar, yengil avtomobillarni ishlab chiqarish – 2,3 barobar, sovutgich va muzlatgichlarni ishlab chiqarish – 3,7 barobar oshdi.