Oʻtmishda yashab oʻtgan ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy maʼnaviy meros, ilmiy va badiiy asarlar bugungi kunga qadar insoniyat rivoji, maʼnaviy taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda. Taassufki, bir vaqtlar ne-ne zakovatli insonlarni kamolga yetkazgan, dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan, bashariyatning ilm oʻchoqlaridan biri sanalgan yurtimizda bilim olish, maktab, maktabgacha taʼlim sohasiga boʻlgan eʼtibor va hurmat birmuncha pasayib, ustozlarning mavqeiga putur yetgandi. Zero, millat va davlat tanazzulida oʻsha yurtda taʼlim olishga boʻlgan eʼtiborning taʼsiri katta. Bunday yashab boʻlmasdi. Har soniya rivojlanayotgan va oʻzgarayotgan dunyo bilan hamnafas va tadrijiy takomillashuv uchun islohotlar kerak edi.

Ayni shu paytda davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 29 yil toʻlishi munosabati bilan qilgan maʼruzasida “Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda”, degan soʻzi yangradi.

Muqaddas zaminimiz, oʻzbek xalqining tarixi sharafli va buyuk sanaladi. Mana shu ona tuproqda tavallud topib, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan ajdodlarimiz kamolga yetgan. Chindan ham bilim mashʼalasini yuqori koʻtarib, dunyoni yoritgan allomalarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ular tomonidan bizga meros boʻlib qolgan maʼnaviy mahzanning tub mohiyatida esa bilimga boʻlgan intilish, mashaqqatlardan choʻchimaslik hislati yotibdi. Bundan ming yillar avval yashab oʻtgan ulugʻ ajdodimiz hazrat Ahmad Yugnakiy bejiz aytmaganlar: “Bilim bilan saodat yoʻli ochiladi, shunga koʻra, ilmli boʻl, baxt yoʻlini izla”.

Ammo oʻtmishda yashagan ulugʻ ajdodlarimizga munosib avlod boʻla olyapmizmi? Uchinchi uygʻonish davriga oʻzimizning qanday hissamizni qoʻshamiz? Buning uchun nimalarga eʼtibor berish kerak? Savollar koʻp... Yechim esa yagona: taʼlimni isloh qilish orqaligina farovon jamiyatga qadam qoʻyish mumkin! Oʻzbekiston esa ana shu xayrli va toʻgʻri yoʻlni tanladi. Manzil aniq, ammo mashaqqatli va shu bilan birga sharaflidir.

Karvon yoʻlga chiqdi yoxud ulugʻ yoʻlning boshida

Darhaqiqat, jamiyat taraqqiyoti, millat farovonligi hamisha yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yangi kadrlar, ularning yuksak malakasi bilan bogʻliq boʻlib kelgan. Yurtimizda keyingi toʻrt yilda taʼlim-tarbiya sohasini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor qaratilib, yoshlarning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarni egallashi, jismonan va maʼnan yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi, ularning qobiliyat va isteʼdodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini yuksaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼlim tizimini isloh etish jarayonida oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini koʻtarishga alohida eʼtibor qaratildi. “Maktabgacha taʼlim – maktab taʼlimi – oliy taʼlim” uzviy tizimi shakllantirildi. Oʻsib kelayotgan avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratishga yoʻnaltirilayotgan sarmoyalar sezilarli darajada oshirildi. Nafaqat shakli, balki mazmuni jihatidan ham yangi bolalar bogʻchalari, maktablar, texnikumlar va oliy oʻquv yurtlari paydo boʻldi, ularda puxta bilim va ilgʻor tafakkur, zamonaviy koʻnikma va malakalar shakllantirilmoqda. Oʻn bir yillik maktab taʼlimi qayta tiklandi. Respublikamiz boʻylab Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan, ijod va xususiy maktablar tashkil etildi.

Ayniqsa, joriy yil Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi esa bu yoʻldagi dadil qadamlardan biri boʻldi. Islohotlar davom etib, joriy yilning 30-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi. Ustuvor vazifalar ilgari surildi. Oliy taʼlim muassasalari rektorlariga maktablarga borib, ularning muammolari bilan shugʻullanish masalasi aniq vazifalar bilan belgilab berildi.

Mazkur yigʻilishning mantiqiy davomi sifatida Davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash, umumiy oʻrta taʼlim maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga jalb qilish va bitiruvchilarni bandligini taʼminlash jarayonlarining samaradorligini oshirish choralarini koʻrish vazifasi belgilandi. Oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi. Hududdagi salohiyat va oliy taʼlim muassasalarining soniga qarab, nafaqat umuman oʻqishga kirmagan, balki natijalari oʻrtacha koʻrsatkichdan past boʻlgan maktablarni ham oliy taʼlim muassasalariga biriktirish joriy etildi. Umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish maqsadida 95 ta oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallariga respublikadagi 634 ta maktablar biriktirildi.

Birgalikda – kuchmiz!

Prezidentimizning joriy yil Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimidagi nutqida “Maktab muammosiga birinchi darajali masala deb qarashimiz lozim. Maktab – faqatgina taʼlim beradigan maskan emas, barchamiz uchun yuksak maʼnaviyat beshigiga, farzandlarimizni bolalikdan boshlab kasbga oʻrgatuvchi dargohga aylanishi zarur”, deb muhim masalani oʻrtaga tashlagan edilar. Zero, maktab – bu jamiyat, xalq mulki. Mamlakat kelajagi mana shu dargohda taʼlim-tarbiya olayotgan yoshlar qoʻlida.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur muhim islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Akademiyaga taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qoʻllab-quvvatlash uchun Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 1-, 15-, 24-, 159- hamda 242-umumtaʼlim maktablari biriktirildi. Mazkur maktablarda “olimlar kuni”, “hayot saboqlari” va “kafedralar soati” kabi mavzularda seminar, ochiq muloqotlar oʻtkazilmoqda. Fan oʻqituvchilarining malakasini oshirish va sifat tarkibini yaxshilashga koʻmak berilyapti. Yuqori sinf oʻquvchilari uchun ularning qiziqish va qobiliyatidan kelib chiqib, maktab qoshida oliy taʼlim muassasalariga kirish sinovlariga tayyorlov kurslari tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Farzandlarimiz kelajagi uchun barchamiz masʼulmiz!”, umumiy oʻrta taʼlim maktablarini oliy taʼlim muassasalariga biriktirish va ularni ishlash jarayonlarining samaradorligini oshirishga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Uchrashuvlarda “Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirishda oʻqituvchining mahorati” mavzusidagi seminarda oʻquvchilarga saboq berishda ahamiyat berilishi kerak boʻlgan jihatlarga toʻxtalib oʻtildi. Qizgʻin muhokamalar davomida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga biriktirilgan beshta umumtaʼlim maktablaridagi moddiy-texnik kamchiliklar, dars oʻtish jarayonida yoʻlga qoʻyilayotgan va xalaqit berayotgan muammolar sanab oʻtilib, ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy koʻrsatmalar berildi.

Mazkur umumtaʼlim muassasalari pedagoglarini fanlar kesimida oʻquv-uslubiy qoʻllab-quvvatlash, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish uchun Akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan yoʻlga qoʻyilayotgan kurslarda “Tarix hamda davlat va huquq asoslari”, “Tarbiya”, “Sharq tillari” fanlari boʻyicha malakalarini oshirish boʻyicha oʻzaro muloqot jarayoni olib borilayotgani ayni muddao boʻlmoqda.

“Akademiya va maktab” tamoyili asosida tashkil etilayotgan muloqotlarda oʻqituvchilar bilan sohada mavjud muammolar va ularga yechim topish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Olib borilayotgan oʻquv jarayonlariga tanqidiy-tahliliy baho berildi. Oliy taʼlim xususiyati va kafedralar salohiyatidan kelib chiqib, professor-oʻqituvchilar tomonidan maktabda faoliyat yuritayotgan fan oʻqituvchilarining malakasini oshirish va sifat tarkibini yaxshilashga koʻmaklashish, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlimga qamrovini oshirishda koʻmak berish, oʻquvchilarda ilm-fanga boʻlgan ishtiyoqni uygʻotish maqsadida ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, oliy taʼlim professor-oʻqituvchilari tomonidan darsdan tashqari fan toʻgaraklarini tashkil etish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish, maktabda “kasblar kuni”ni oʻtkazish va muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish kabi hamkorlikda olib borilishi mumkin boʻlgan koʻrsatmalar yuzasidan malakali mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.

Trening mashgʻulotlari davomida malakali psixologlar tomonidan taʼlim jarayonini tashkil qilish, oʻqitish tizimida duch kelinadigan stresslarni yengib oʻtishga qaratilgan psixologik darslar oʻtkazildi. Qizgʻin muhokamalar davomida umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari tomonidan fan darsliklaridagi kamchiliklar, oʻqitish tizimida duch kelinayotgan muammolar tilga olindi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga kelishib olindi.

Oʻtkazilgan barcha uchrashuvlar yakunida umumiy oʻrta taʼlim maktablarini oliy taʼlim muassasalariga biriktirish va ularni ishlash jarayonlarining samaradorligini oshirish boʻyicha qator aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Navrastalar doimo eʼtiborda

Bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, qatʼiy pozitsiyasiga ega, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq boʻlmagan, yurtning ertangi kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, sergʻayrat, vatanparvar, sadoqatli inson sifatida tarbiyalash muhim vazifa hisoblanadi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilarning bilim salohiyatlarini rivojlantirish yoʻlida amaliy harakatlar boshlab yuborildi. Umumtaʼlim maktab oʻquvchilari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – mening hayotimda” mavzusida insholar tanlovining yuqori kayfiyatda oʻtkazilgani ham soʻzimiz isboti.

Har bir maktabda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati, professor-oʻqituvchilari tashrif buyurib, umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari bilan jonli muloqot olib bordi. Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan bayram tadbirlari davomida maktabda fanlarda aʼlo baholarga oʻqishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya mening hayotimda” mavzusida oʻtkazilgan insholar tanlovida sovrinli oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarga mutasaddilar tomonidan faxriy yorligʻ hamda badiiy adabiyotlar topshirildi. Shuningdek, oʻquvchilarning ota-onalariga isteʼdodli, zukko farzandlarni voyaga yetkazganlari uchun tashakkurnoma taqdim etildi.

– Insholar tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritganimdan xursandman, – deydi 24-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Hadicha Abdujabborova. – Gʻolib boʻlishni oʻylamagandim. Ayniqsa, ota-onamga tanlov tashkilotchilari tomonidan tashakkurnoma berilganidan juda quvondim. Tadbir orqali kelgusida yana-da koʻproq oʻqishim kerakligini tushunib yetdim. Tengdoshlarimga ham koʻproq kitob oʻqishlarini tavsiya qilaman.

Bundan tashqari, Olmazor tumanidagi 24-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari uchun Akademiya hududiga maxsus ekskursiya tashkillashtirildi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchilari hamrohligida yoshlarga Akademiyada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, oʻquv xonalari, “Manbalar xazinasi” boʻlimi, Axborot-resurs markazi, “BOOK CAFE”, talabalar turar joylarini tanishtirib oʻtildi. Yoshlarga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) hamda Yunusxon maqbaralari toʻgʻrisida maʼlumot berilgani yoshlar qalbida vatanparvarlik, oʻtmishda yashagan ajdodlarimiz xotirasiga boʻlgan hurmatni yana-da oshirishi shubhasiz.

– Ekskursiya davomida Akademiya hududida joylashgan tarixiy maqbaralar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi 24-umumtaʼlim maktabi 11-sinf oʻquvchisi Abduvohid Mirzayev. – Tarix va zamonaviylik aks etgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar menga maʼqul boʻldi. Kelajakda mazkur bilim maskanida oʻqishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim.

Sayohat yakunida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining malakali psixolog-oʻqituvchilari tomonidan “Men kimman?” mavzusida psixologik trening mashgʻuloti oʻtkazilgani kelajagini hal qilish pallasida turgan yoshlar uchun ayni muddao boʻldi. Shuni taʼkidlash kerakki, bu kabi tanishtiruv sayohatlari Akademiyaga biriktirilgan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun muntazam oʻtkazib borish rejalashtirilgan. Bu bilan oʻquvchilarda oliy taʼlim muassasalariga boʻlgan qiziqish, bilim egallashga boʻlgan ragʻbatni oshirish koʻzda tutilgan.

Mashaqqatsiz baxt kelmas

Har qanday rivojlanish va taraqqiyot zamirida katta mehnat va mashaqqat yotadi. Ayniqsa, bu taʼlim va yoshlar taqdiriga bevosita daxldor boʻlsa, mehnat ortidan keladigan baxt va rohatning qiymati balanddir. Zero, inson, binobarin, oʻsib kelayotgan yosh avlod taqdir yoʻlini belgilashda xato ish qilib boʻlmaydi. Bu borada millatimizning ulugʻ mutafakkirlardan biri Imom Gʻazzoliy hazratlari “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqsh-u tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka oʻrgatilsa, shu bilan oʻsadi va dunyo-yu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallim-u ustozlari ham sherik boʻladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, oxir-oqibat halok boʻladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar boʻlganlarning gardaniga tushadi”, deb bejizga aytmagan. Chindan ham farzand taʼlim-tarbiyasida shoshma-shosharlik, eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyishning oqibati xayrli yakun topmaydi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”, deb ertamiz egalariga qatʼiy ishonch va tashabbus berdilar. Bilʼaks, taʼlim sohasida uzviylikni taʼminlash orqali rivojlangan davlat va jamiyat qurish mumkin. Yoshlarning bilim olishlari uchun toʻgʻri tizim yaratilsa, mamlakat taraqqiyotga erishishi shubhasiz. Insonning qadri ilm bilan yuksalib, uni kamolotga yetkazadi.

Hasan USMONOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

OAV va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi