Uchrashuvda AKT vazirligi hamda kompaniya oʻrtasida oʻzaro istiqbolli yoʻnalishlarda, jumladan, taʼlim va IT-tadbirkorlik sohasida birgalikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Hozirgi kunda SAP kompaniyasi korporativ ilovalar bozorida yetakchi hisoblanib, dunyoning 180 mamlakatidagi 440 000 dan ortiq mijozlar kompaniya xizmatlaridan foydalanyapti.
Kompaniya 2007-yildan boshlab Oʻzbekistonga oʻz texnologiyalarini taqdim etib kelyapti. Bugungi kunda kompaniyaning Oʻzbekistondagi mijozlari asosan chakana savdo, moliya, shuningdek, telekommunikatsiya va qurilish kompaniyalari hisoblanadi.
Uchrashuv davomida SAP kompaniyasi ishtirokida kadrlar malakasini yanada oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, yangi telekommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlarini joriy etish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish orqali mahalliy yoshlarni yuqori maoshli ishga joylashtirish asosiy maqsad qilingani aytib oʻtildi. Bunda kompaniya ishtirokini bevosita taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, AKT vazirligi tomonidan SAP kompaniyasiga Oʻzbekistonda tezroq rasmiy boʻlinmasini ochish taklif etilib, koʻproq yoshlarni SAP mahsulotlari boʻyicha masofaviy xizmat koʻrsatadigan mutaxassis etib tayyorlash boʻyicha masalalar ham muhokama etildi.
AKT sohasida hamkorlik qilish va uni kelgusida yanada rivojlantirish boʻyicha fikrlar almashildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.