Davlatimiz rahbari Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida: “Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmogʻini olmaylik, yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik asosiy oʻringa koʻtarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Soʻnggi 4 yilda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʻpayib, ular 500 mingdan oshgani, buning yaqqol dalilidir” deya alohida taʼkidladi. Darhaqiqat, ana shu yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar men kabi oʻnlab yoshlarning tadbirkorlik gʻoyalariga qanot bagʻishlamoqda.

Xorijiy tillarni oʻqitadigan “Global Education in Karshi” nodavlat taʼlim muassasasiga asos solganman. Soʻnggi olti yil davomida oʻquv markazimiz 6 mingdan ortiq oʻquvchini ingliz tili imtihonlariga tayyorladi va oliy taʼlim dargohlariga yorugʻ yuz bilan kuzatdi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan, sovrin jamgʻarmasi 100 ming dollarlik “mGovAward” eng yaxshi davlat mobil ilovasini ishlab chiqish tanlovida bizning masofaviy taʼlim uchun ishlab chiqqan Roboteach mobil ilovamiz gʻolib boʻldi hamda 50 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotni qoʻlga kiritdik. Mablagʻni loyihamizga qayta investitsiya qilgan holda oʻquv kurslarini koʻpaytirdik. Bu, oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlari ochilishiga sabab boʻldi. Birinchi ish boshlagan paytimizda faqat ingliz tili kurslari bor edi. Endi rus, koreys tillari, dasturlash boʻyicha ham mashgʻulotlar olib borilmoqda.

Roboteach masofaviy taʼlim loyihasi ingliz tilidagi darslarni elektron tarzda yetkazib berishga moʻljallangan. Unda mavzu boʻyicha tashkil etilgan barcha mashgʻulotlar tasvirga olingan. Darslar lugʻatli kartochkalar, audio tarzidagi namunalar misolida olib boriladi. Oʻquvchilarning ingliz tilini tezroq oʻrganishiga yordam beradi. Buning afzalligi shuki, oʻquvchilarning yoʻlkira sarflab oʻquv kurslariga borishiga zarurat qolmaydi. Xohlagan vaqtda, sahar payti boʻladimi yoki tushdami, mobil ilovani ochib, bemalol darsni oʻrganishi mumkin.

Arzimagan xizmatim yuqori baholanib, mukofotga loyiq koʻrilganim zimmamga katta masʼuliyat yuklaydi. Qashqadaryo viloyati yoshlarining jahon andozalari darajasida bilim olishiga koʻmaklashish, xorijiy tillarni chuqur oʻrgatish orqali ularni dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlash oldimizga qoʻyilgan ustuvor vazifalardan biridir. Prezidentimiz Yoshlar kuniga bagʻishlangan yigʻilishda “Bundan buyon har qanday investitsiya loyihasining bosh maqsadi, avvalo, yoshlar bandligi masalasini hal etishga qaratilishi kerak. Bu hamma joyda oʻzgarmas qoidaga aylanishi zarur”, deya murojaat qildi. Shu nuqtayi nazardan faoliyatimizni yana-da kengaytirib, koʻplab yigit-qizlarni oʻqitish, kasbga tayyorlash niyatidamiz.

Zero, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilgan shart-sharoit, ishonch va eʼtibor mahsuli oʻlaroq, xorijdan keladigan investorlar, mehmonlar bilan erkin muloqot qila oladigan, ular bilan katta-katta qoʻshma loyihalar imzolab, mamlakatimizning yuksak salohiyatini koʻrsatib bera oladigan yoshlar yetishib chiqmoqda. Ana shunday salohiyatli yoshlar bilan birga ishlayotganim, eʼtibor va eʼtirofga sazovor boʻlganimdan juda baxtiyorman.

Sardor SODIQOV,

“Global Education in Karshi”

nodavlat taʼlim muassasasi direktori