So'nggi yillarda aholiga qulay va sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya, tez tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan yordam ko'rsatish masalalariga qayta-qayta e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Gematologik, onkogematologik va davolash qiyin bo'lgan boshqa kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko'rsatish, ular profilaktikasini kuchaytirish va keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

Bu, o'z navbatida, aholiga gematologik yordam ko'rsatishni yangi bosqichga ko'tarish, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohaga ilg'or tashxis usullarini joriy etish va gematologik kasalliklarni davolashda transplantatsiya usulini rivojlantirish, gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashni taqozo etadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo'lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda 2021 yil 27 maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qarorlari soha rivojida muhim rol` o'ynamoqda. Mazkur qarorlar gematologiya va onkologiya yo'nalishidagi islohotlarni izchil davom ettirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, samaradorligini oshirish, bemorlarni uzluksiz ravishda dori-darmon bilan ta'minlashni ham ko'zda tutadi.

Ayni paytda bu borada keng ko'lamli ishlar qilinmoqda. Xususan, joriy yil yakuniga qadar tuman (shahar) ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxonalari” tarkibida muntazam ravishda ayollar orasida keng ko'lamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradigan “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari, shuningdek, bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini yo'lga qo'yish, jihozlash va salohiyatli kadrlar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilyapti. SHu maqsadda xorijlik ekspertlar va etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilmoqda. Kelgusida suyak ko'migi o'zak hujayralarini ko'chirib o'tkazish amaliyotini dastlab Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ham joriy etish ko'zda tutilmoqda.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filialida ham katta o'zgarishlar ro'y berdi. Onkologik kasalliklarni ilk bosqichlarda aniqlash imkonini beruvchi tibbiy uskunalardan tortib, uni davolashda qo'llanadigan masofaviy gamma nur apparatlarigacha olib kelindi. Qayta o'qitilib, malakasi oshirilgan mutaxassislar mazkur uskunalardan unumli foydalanmoqda. Saraton kasalligi bilan og'rigan bemorlarga davlat byudjetidan dori-darmon, oziq-ovqat, sarflov vositalari ajratilmoqda. Kimyoviy terapiya uchun preparatlar ham byudjet hisobidan keltiriladi.

— Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 martdagi qaroriga binoan o'tgan yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialida onkologiya fakul`teti ochildi. Bu erda tahsil olayotgan talabalar endi onkologiya bo'limida amaliyot o'taydi. Kelgusida ular hisobiga shifoxonamizni malakali kadrlar bilan ta'minlash imkoniyatiga egamiz, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filiali bo'lim mudiri Abdukarim Kenjaev. — SHifoxonamizda 250 nafar tibbiyot xodimi tun-kun bemorlar xizmatida. Ulardan 30 nafari oliy toifali. Hamkasblarimiz xalqaro ilmiy-amaliy seminarlarda muntazam ishtirok etib, onkologiya sohasidagi yangiliklar bilan tanishib boradi. Ayni paytda onkologiya bo'limining 3 nafar shifokori ilmiy izlanish olib bormoqda.

SHifoxona hududida yangi bino qurilayotir. Abdukarim Kenjaevning aytishicha, bu inshoot qurilishi Surxondaryo viloyati mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Loyiha xarajatlari 20 milliard so'mni tashkil etadi. YAngi binoda 105 nafar bemor uchun o'rin tashkil qilinadi.

SHifokorning ta'kidlashicha, saraton qancha erta aniqlansa, davolash imkoniyati ham shuncha ko'payadi. Onkologik kasalliklar birinchi yoki ikkinchi bosqichda aniqlansa, davolash yaxshi natija berib, bemor tez sog'ayadi. Aksincha, kasallik uchinchi yoki to'rtinchi bosqichga o'tsa, davolash qiyinlashadi. Xastalikni birinchi bosqichdayoq aniqlash uchun bemorlar doimiy tibbiy ko'rikdan o'tib turishi shart. Onkologiya bo'limida esa kasallikni erta aniqlash uchun barcha sharoit mavjud. endoskopiya FGDS, mammografiya, UTT doppler, masofaviy gamma nur kabi tibbiyot uskunalari o'rnatilgan.

— 2022 yil 1 yanvardan boshlab qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish bo'yicha milliy dastur amalga oshiriladi, — deydi Abdukarim Kenjaev. — Unga ko'ra, 9-14 yoshli o'smir qizlar odam papillomasi virusiga qarshi vaktsina bilan emlanadi. 30-55 va 45-65 yoshli ayollarda saraton skriningi o'tkaziladi. Jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha hududiy onkologiya muassasalari 22 ta zamonaviy nur terapiyasi uskunasi bilan jihozlandi.

So'nggi 3 yilda 150 nafar mutaxassis xorijning nufuzli klinikalarida malaka oshirib qaytdi. 2021 yilning o'tgan davrida bemorlarga dori-darmon, sarflov vositalari xarid qilish uchun byudjetdan 62 milliard so'm sarflandi.

— Ilgari saraton kasalliklari bilan og'rigan bemorlar shifo istab Toshkent yoki Samarqandga borishga majbur edi, — deydi denovlik bemor Rustam Xolosov. — Aniq tashxis qo'ydirish uchun chekka hududdan poytaxtga borib shifoxonama-shifoxona yurish, dori-darmon, turar joy izlash, bemorning qosh-qovog'iga qarab, unga doimiy hamrohlik qilishning o'zi bo'lmasdi. CHunki viloyatda davolanish u yoqda tursin, bemorlarga tashxis qo'yish uchun ham tibbiy uskunalar etishmasdi. Mana, nihoyat ovoragarchiliklaru qo'shimcha sarfxarajatlarga barham berildi. Kasalligimga shu erda — Termiz shahrining o'zida aniq tashxis qo'yildi. Jarrohlik amaliyoti ham muvaffaqiyatli bajarildi.

Ha, bugun insoniyat onkologik kasalliklar bilan kurashda uzil-kesil g'alaba qilishga umid bog'lagan. Dunyo olimlari saraton hujayralari rivojiga ta'sir etuvchi vaktsinani yaratish maqsadida bir necha yildan buyon ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Saraton kasalligiga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda ham e'tirof etishga arzigulik natijalarga erishildi. Xususan, sohani tubdan isloh qilish maqsadida qabul qilingan qarorlar asosida aholining onkogematologik savodxonligi hamda birlamchi bo'g'in shifokorlarining gematologik va onkologik kasalliklar bo'yicha hushyorligini, shuningdek, tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarining aniqlik darajasi va laboratoriya shifokorlarining analizlarni tahlil qilish malakasini oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar tizimda jiddiy o'zgarishlar ro'y berganidan dalolat.