«Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston hamda mamlakatimizning yuqori malakali ekspertlarining tahlil va xulosalari asosida oʻpirilish sabablari atroflicha oʻrganib chiqilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Moskva davlat qurilish universiteti, “Qurilish sohasida muhandislik izlanishlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri” davlat ilmiy-tadqiqot loyiha instituti tomonidan toʻgʻonning mustahkamligini aniqlash boʻyicha muhandislik-qidiruv izlanishlari va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borildi.
Xususan, toʻgʻon boʻylab 45 metrgacha chuqurlikda 60 ta geologik tik quduqlar qazilib, 2100 ta tuproq namunalari olindi hamda zamonaviy laboratoriya uskunalari yordamida ularning fizik, mexanik va kimyoviy xususiyatlari oʻrganildi;
➖ inshootning deformatsiyasini oʻrganish maqsadida toʻgʻon boʻylab 423 ta maxsus belgi va 21 ta tayanch geodeziya nuqtalari oʻrnatildi;
➖ toʻgʻondagi gorizontal siljishlarni aniqlash uchun 444 ta nuqtada xalqaro va davlat standartlari asosida yuqori aniqlikdagi maxsus oʻlchovlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, malakali mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzilib, respublikamizdagi barcha yirik gidrotexnik inshootlar texnik koʻrikdan oʻtkazildi. Koʻrik natijalari asosida ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Bu sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi».