“Sardoba sabogʻi” hujjatli filmi suratga olinmoqda

    Madaniyat 16 Iyun 2021 1401

    Oʻzbekiston kinematografiyasi agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Sardoba sabogʻi” hujjatli film suratga olinmoqda. Mazkur film 2020-yilning 1-may kuni Sirdaryo viloyati hududidagi Sardoba suv omborida yuzaga kelgan texnogen ofat haqida.

    Filmning suratga olish ishlari Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida boʻlib oʻtmoqda. Filmda evakuatsiya qilingan aholi vakillari, ular joylashgan hududlar, aholini evakuatsiya qilish jarayonida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar, qutqaruvchilar hamda talofatda jabr koʻrganlarga yordam bergan yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilinadi.

    Film rejissyori va ssenariy muallifi Abdusamad Salomov, operator Samijon Sunnatillayev, muharrir Gulmira Musajonova, film direktori Zuhra Poʻlatova, muharrir Shoyim Boʻtayev.

    - Filmdan koʻzlangan maqsad yurtdoshlarimiz boshiga tushgan shunday sinovli kunlarni sabr va bardosh, kuchli iroda, birdamlik, hamjihatlik bilan yengib oʻtishga qaratilgan. Va albatta, yuz bergan fojea hammamiz uchun saboq boʻlishi filmning bosh gʻoyasi hisoblanadi. “Sardoba sabogʻi” Kinematografiya agentligidagi ilk rejissyorlik ishim boʻlgani uchun film tomoshabinlarga manzur boʻlishini koʻzlab harakat qilyapmiz. Bu jarayonlarda ustozlar va tajribali hamkasblarimiz oʻzlarining maslahatlarini berib kelishyapti, - deydi rejissyor Abdusamad Salomov