Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlum qilishicha, muzokaralar chogʻida tomonlar oʻzaro hamkorlikning bugungi kun tartibini, uni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Investitsiya sohasida hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Jumladan, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalarida aniq loyihalar koʻrib chiqildi. Sanoatning toʻqimachilik, charm-poyabzal, zargarlik va elektrotexnika sohalarida oʻzbek ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish uchun Ozarbayjon kompaniyalarini jalb etish ishlarini jadallashtirishga kelishildi.
Oʻzaro savdo hajmini oshirish yoʻllari muhokama qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari yaqin kelajakda yillik savdo aylanmasi hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun barcha shart-sharoitlarga ega ekanligi taʼkidlandi.
Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga ham eʼtibor qaratdi. Oʻzaro yuk tashishni koʻpaytirish va ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish boʻyicha qator masalalar koʻrib chiqildi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga yoʻnaltirilgan qoʻshma agrologistik klasterlarni yaratish imkoniyatlari oʻrganildi.
Alohida tartibda qator ikki tomonlama tadbirlarga, jumladan, Oʻzbekistonga oliy darajadagi tashrif hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlariga toʻxtalib oʻtildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oldin erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ilgari surish, shuningdek, ikki tomonlama sheriklik yoʻnalishlarini kengaytirish boʻyicha faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi.