Tadbir Koreya Respublikasining Savdo, iqtisodiyot va sanoat vaziriligi huzuridagi Janubiy Koreya – O'zbekiston biznes uyushmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. SHuningdek, uchrashuvda Janubiy Koreya – O'zbekiston biznes uyushmasi raisi o'rinbosari Kim CHang Keon va «Group Eight» kompaniyasi vitse-prezidenti YU Jun Xo ishtirok etdi. 

Muzokaralarda «Qo'qon» erkin iqtisodiy zonasida «LYA Nature» brendi ostida kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkillashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur brend “Saroy javohiri” serialida bosh rolni ijro etgan, O'zbekistonda Tangem (Tejangim) ismi bilan tanilgan Janubiy koreyalik aktrisa Li YOng enga tegishlidir.  

Hokim M.Usmonov yangi sarmoyaviy loyihani qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi va «Qo'qon» erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan qulayliklar haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanganidek, Farg'ona vodiysi kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun boy xomashyo bazasiga ega. Xususan, viloyatning tog'li hududlarida joylashgan o'rmonchilik xo'jaliklarida shifobaxsh giyohlar etishtirish imkoni bor. Qo'qon hududida parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarishda ishlatiladigan mevalar danagidan ekstrakt moy oladigan korxona faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, sut mahsulotlaridan olingan zardob hamda hududdagi chorvachilik xo'jaliklaridan biomahsulotlar etkazib berish imkoniyati mavjud.

Song Byong Junning ta'kidlashicha, kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun tabiiy xomashyo bo'lishi zarur, sababi «LYA Nature» kompaniyasining asosiy tartib qoidalaridan biri kompaniya mahsulotlarida faqat ekologik sof unsurlardan foydalaniladi.

Kim CHang Keon Qo'qondagi loyihani samarali amalga oshirish uchun injenerlik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ega er uchastkasi ajratilishi lozimligini aytdi. Bundan tashqari, Janubiy koreyaliklar tomonidan tez fursatlarda sarmoyaviy loyihaning amaliyotga joriy qilish uchun hamkorlik to'g'risida memorandumni tayyorlash, tasdiqlash va imzolash taklif etildi.

«LYA Nature» kompaniyasi rahbari O'zbekiston mintaqada hal qiluvchi rol` o'ynashini, MDH, Osiyo, YAqin SHarq va Evropa mamlakatlariga kirib boradigan ko'p millionli bozor markazida joylashganini qayd etdi.

Bugungi kunda kompaniya Markaziy Osiyo bozorlarining ustuvorligi, ko'lami va o'ziga xosligini o'rganish borasida izchil izlanishlar olib boryapti. Ushbu ma'lumotlar O'zbekiston tomoniga o'rganib chiqish va ishlab chiqarishdagi hamkorlik strategiyasini belgilab olish uchun, shuningdek, tayyor mahsulotlarni mintaqaning katta shaharlarida yirik savdo tarmoqlarini yaratish orqali sotishni amalga oshirish uchun yuboriladi.       

Tomonlar aloqalarni faol davom ettirishga, xususan, hamkorlikdagi memorandumni tez kunlarda imzolash va sarmoyaviy loyihani amaliyotda boshlanishini amalga oshirishga kelishib oldi.