Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri Xolid al-Falih bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 28 Fevral 2022 1173

    Joriy yil 27-fevralda videokonferensiya tarzida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al–Falih oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining oʻtgan yilning may oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi atroflicha muhokama etildi.

    Energetika va energetika infratuzilmasini rivojlantirish sohasiga qoʻshimcha Saudiya Arabistoni investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonda qariyb 3 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirayotgan Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasining bu borada alohida oʻrni borligi taʼkidlandi.

    Saudiya Arabistoni tomoni Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi, kimyo va neft kimyosi, shuningdek metallurgiya sohalarida qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha yaqin hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

    Joriy yilda HK yigʻilishi, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida Ishbilarmonlar Kengashining qoʻshma yigʻilishi, shuningdek, Ar-Riyod va Jidda shaharlarida “Made in Uzbekistan” oʻzbek mahalliy mahsulotlarining koʻrgazmasini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida muntazam ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlovchi havo kemalari qatnovini yoʻlga qoʻyish orqali oʻzaro turistik oqimlarni koʻpaytirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

    Tadbir yakunida ustuvor tarmoqlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi amaliy harakatlar kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.