Unda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining shu yil yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida savdo, turizm, energetika va kimyo sanoati sohalarida qoʻshma loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasining Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi bir qator ustuvor yoʻnalishlarda kelgusidagi samarali hamkorlik uchun zamin yaratib, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning rivojlanishiga sezilarli turtki bergani qayd etildi.
Xorijiy tomon Buxoroda oʻtkazilgan Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi va Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi yakunlari boʻyicha “Sabic Corporation”, “Saudi Aramco”, “National Technology Group”, “Maaden”, “Sira”, “Jamjoom Pharma” va boshqa Saudiya Arabistoni kompaniyalarining Oʻzbekistonga investitsiyalar kiritishga boʻlgan qiziqishi sezilarli darajada oshganligini taʼkidladi. Aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun yaqin kelajakda ishbilarmon doiralarning muzokaralari va oʻzaro tashriflarini, shuningdek, ikki mamlakatda qoʻshma biznes-forumlar va “B2B” va “B2G” shaklida muzokaralarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davomida investitsiya shartnomalari imzolangan Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi va Buxoro hamda Navoiy viloyatlarida shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha yaqin hamkorlik qilish orqali energetika sohasida uzoq muddatli munosabatlarni chuqurlashtirishga har ikki tomon ham tayyor ekanini bildirildi.
Muzokarada eng ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning qoʻshma mexanizmlarini yaratish bilan bogʻliq amaliy masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Ular qatorida Oʻzbekistonda toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika tarmoqlarida sanoat klasterlarini yaratish boʻyicha istiqbolli takliflarni koʻrib chiqish taklif etildi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga birgalikda tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi. Uning doirasida Saudiya Arabistonining yirik sanoat shaharlarida Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi va Oʻzbekiston investitsiyaviy salohiyatining tarmoq taqdimotlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonida ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishni koʻpaytirish, ikki mamlakat ishbilarmonlarining Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonida oʻtkaziladigan koʻrgazma hamda yarmarkalardagi ishtirokini faollashtirish va Oʻzbekiston-Saudiya savdo uylarini tashkil etish orqali oʻzaro savdo hajmlarini oshirish mexanizmlari ham alohida muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikning barcha yoʻnalishlariga oid koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan birgalikda ish olib borishni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.