Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi, O'zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining hamraisi A.Ikramov, ACWA Power kompaniyasi raisi, Saudiya Arabistoni-O'zbekiston Ishbilarmonlar kengashining hamraisi M.Abbunayn, ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi, deb yozdi Palata matbuot xizmati.
Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov o'z nutqida O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalari so'nggi 2 yil ichida nihoyatda jadal rivojlanib borayotgani, qisqa muddat ichida ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasida manfaatli loyihalar amalga oshirilgani ta'kidladi. Bunga misol qilib “Uzbekistan Airways” AJ va “Flynas” aviakompaniyasi o'rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi natijasida 2021 yil 5 avgust kuni Saudiya aviakompaniyasi tomonidan Riyoz-Toshkent aviareysini birinchi marotaba yo'lga qo'yish imkoni yaratilganini keltirish mumkin.
Tadbir davomida ikki mamlakat ishbilarmon vakillari tomonidan turli tarmoqlarda investitsiyaviy hamkorlik masalalari, transport, avtomobil yo'llari qurish va rekonstruktsiya qilish borasidagi infratuzilmaviy loyihalar, turizm, tibbiyot sohasida hamkorlik masalalari atroflicha ko'rib chiqildi. Mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan mamlakatlarning investitsion salohiyati va sohalar kesimida hamkorlik qilish bo'yicha mavjud imkoniyatlar taqdimoti o'tkazildi.
Ma'lumot uchun, Saudiyalik ishbilarmonlar ishtirokida O'zbekistonda 38 ta qo'shma korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Jumladan, ulardan 14 tasi 100 foiz Saudiya kapitali asosida ish olib boradi.