Saudiya Arabistoni quruq mevalarimiz eksporti kengayishigaga qiziqish bildirmoqda

    O'zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulligida «Mahmasah Tasali Marsa Matrooh Company for nuts» kompaniyasi bosh direktori Labib Muhammad Saad bilan muzokaralar o'tkazildi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonda yetishtirilgan quruq mevalar, bodom va yongʻoq mahsulotlarining Saudiya Arabistoniga eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Suhbat davomida saudiyalik tadbirkor eʼtiboriga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish boʻyicha islohotlar, xorijiy importchilar uchun yaratilgan qulayliklar haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

    Labib Muhammad Saadning aytishicha, u rahbarlik qilayotgan kompaniya quruq mevalar va yongʻoq mahsulotlari eksporti hamda importi bilan shugʻullanadi. Maʼlum qilinishicha, kompaniya savdo tarmoqlari Podshohlikning Ar-Riyoz, Jidda, Makka, Dammam, Al-Xubar va Al-Qurayta shaharlarida faoliyat yuritadi.

    Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda meva-sabzavotlarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha katta tajriba toʻplangan, — dedi u. — Ular oʻz sifati va taʼmi jihatidan arab bozorlari eʼtiborini tortmoqda. Biz ekologik sifatli mahsulotlar va “sogʻlom ovqatlanish” dasturi doirasida quruq mevalar, bodom va yongʻoqlarni Oʻzbekistondan Saudiya Arabistoniga olib kelishni rejalashtiryapmiz.

    Muzokaralar yakunida quruq mevalar, bodom va yongʻoq eksporti bilan shugʻullanadigan Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va tegishli tashkilotlar bilan muzokaralarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishib olindi.