Muloqot chogʻida jamgʻarma tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalarga koʻrsatilayotgan begʻaraz moliyaviy yordamning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Suhbat avvalida Lamiya Ol Saud Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganidan mamnunligini va uni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Jamgʻarma rahbari shahzoda Alvalid bin Talol tomonidan muayyan loyihalar uchun jami 500 ming AQSH dollari ajratishga rozilik bildirilganini maʼlum qildi. Ushbu mablagʻlarning 200 ming dollari Orolboʻyi mintaqasi inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast jamgʻarmasiga, 150 ming dollari esa “Hunarmand” uyushmasining “Tuproqqalʼa tumanida uy sharoitida qoʻlda gilam toʻqish sexini barpo etish” loyihasiga taqdim etilganini qayd etdi.

Bundan tashqari, Lamiya Ol Saud “Zamin” Xalqaro jamoat fondining “Eshitish qobiliyati qiyin boʻlgan bolalar taʼlimini rivojlantirish” dasturiga 150 ming dollar ajratilishi yuzasidan qisqa muddatlarda shartnoma imzolanishini tasdiqladi.

Suhbatdosh, shuningdek, Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida jamgʻarma delegatsiyasining mamlakatimizga amaliy safar bilan kelishga tayyorligini bildirdi.