Saudiyalik tadbirkor Oʻzbekistondan “halol” mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish niyatida

    Jidda shahridagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan respublikamiz mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida Makka shahridagi “Golden Star” kompaniyasi bosh direktori Abdulmuʼin Zurgi bilan uchrashuv tashkil etildi.

    Suhbat davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish yoʻlidagi islohotlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan biznes qulayliklari hamda respublikadagi eksport muhitining jozibadorligi haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

    Oʻz navbatida, Abdulmuʼin Zurgi Saudiya Arabistonidagi farmatsevtika zavodlarga xomashyolarni yetkazish maqsadida Osiyo mintaqasidagi jelatinli kapsulalar bozorini oʻrganib chiqqanini maʼlum qildi.

    Shu oʻrinda, aholisining 90 foizidan ortigʻi musulmon boʻlgan Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning halolligiga ishonch hosil qilgan holda, Abdulmuʼin Zurgi mamlakatimizdagi kompaniyalar bilan hamkorlikni oʻrnatish istagini bildirdi. Jumladan, u “MMM Amin Bio” kompaniyasi (Halal Gelatin Collagen Manufacturer) bilan hamkorlik oʻrnatish asnosida Oʻzbekistondan jelatin kapsulalarini eksport qilishga qiziqish bildirdi.