Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 23 Yanvar 2023 8223

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Aholini tadbirkorlikka jalb qilishni yanada jadallashtirish, tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta’minlash, respublikamiz tadbirkorlik sub’ektlarining xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalashuvini kengaytirish borasidagi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

    1. Savdo-sanoat palatasiga (keyingi o‘rinlarda – Palata) quyidagi vakolatlar berilsin:

    Hukumatga ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, biznesning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan yoki uni cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ularni bekor qilish to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish;

    Palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish;

    tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh vazirga kiritib borish;

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini ifodalash;

    biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida, tadbirkorlik masalalari borasida jamoatchilik eshituvlarini tashkil qilib borish;

    tadbirkorlikni rivojlantirish, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan biznes vakillari va boshqa shaxslarni mukofotlarga tavsiya qilish;

    mahalliy davlat hokimiyati va boshqa hududiy davlat organlariga hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari
    va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

    xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari va hokimlar bilan hududdagi ishbilarmonlik muhitining holati, tadbirkorlik sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining ijrosi natijadorligi bo‘yicha tanqidiy muhokamalar o‘tkazib borish.

    2. Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yil 1 fevraldan boshlab:

    mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari Palata a’zoligiga, a’zolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi hamda qonunda nazarda tutilgan a’zolik bilan bog‘liq Palata xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish huquqiga ega, Palata tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha pullik xizmatlar bundan mustasno;

    tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar a’zo sifatida ro‘yxatga qo‘yish uchun Palataga elektron tizim orqali yuboriladi;

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (keyingi o‘rinlarda – Jamoat fondi) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari (keyingi o‘rinlarda – hududiy jamoat fondlari) hisobidan Palataning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, mos ravishda Palata va uning hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi;

    Palata va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan davlat subsidiyasining sarflanishi bo‘yicha har yili tegishincha Jamoat fondi hamda hududiy jamoat fondlariga hisobot berib boriladi.

    3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda Palata va uning hududiy bo‘linmalari uchun tavsiyaviy shtatlar me’yorlari hamda mehnatga haq to‘lash miqdorlarini tasdiqlash va hududiy jamoat fondlariga yetkazish tavsiya etilsin.

    4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    Palata tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarida O‘zbekiston Respublikasi sudlariga taqdim etadigan ariza, da’volar hamda apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari bo‘yicha davlat boji to‘lovlaridan ozod etiladi;

    O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda Palataga milliy hamkor biriktirish talabi qo‘llanilmaydi;

    davlat organlari va idoralar tomonidan tadbirkorlikka oid barcha tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirishda Palata loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi.

    5. Palataning tadbirkorlik sohasida tarmoqlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, ularning o‘ziga xos muammolarini aniqlash, tahlil qilish va yechimini topish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish maqsadida uning huzurida jamoatchilik asosida tarmoqlar kesimida qo‘mitalar tashkil etilsin.

    Bunda, ushbu qo‘mitalarga kelishuv asosida iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan uyushmalar raislari rahbarlik qiladi
    va ular bir vaqtning o‘zida Palata raisining maslahatchisi hisoblanadi.

    6. Palata, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tadbirkorlar bilan joylarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Palataning hududiy boshqarmalari huzurida jamoatchilik asosida asosiy vazifalari quyidagilar hisoblangan, kamida 20 nafar ilg‘or tadbirkorlardan iborat Tadbirkorlik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin:

    doimiy ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil qilib borish;

    tadbirkorlar o‘rtasida biznesga oid qonunchilik hujjatlari mohiyati va ahamiyatini tushuntirish ishlarini amalga oshirish;

    tarmoq korxonalari orasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish;

    joylardagi ishbilarmonlik muhitining holatini tahlil qilish hamda takliflarni Palataga taqdim etib borish.

    7. Respublika hududlarida tashkil etiladigan “Tadbirkorlar xiyobonlari”ning (keyingi o‘rinlarda – xiyobonlar) ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:

    a) xiyobonlar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan Savdo-sanoat palatasiga to‘langan a’zolik badallari, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari hamda mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan barpo etiladi;

    b) tashkil etilayotgan xiyobonlarda:

    tadbirkorlar, bank vakillari, investorlarning biznes loyihalarini muhokama qilish hamda "B2B" tadbirlari va "kovorking" faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi, Wi-Fi zonalar tashkil qilinadi;

    faol tadbirkorlarning erishgan natijalarini namoyish etish maqsadida yil davomida ko‘rgazmalar o‘tkazib boriladi;

    xiyobonlardagi bino-inshootlar Palataning hududiy boshqarmalari balansiga o‘tkazib beriladi.

    Palata Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2 oy muddatda hududlarda bo‘sh turgan, samarasiz ishlatilayotgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari negizida respublika hududlarida xiyobonlar tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    8. Belgilansinki, Palataning tashkiliy tuzilmasi, uning ijroiya qo‘mitasi, hududiy boshqarmalari, tuman (shahar)lar bo‘limlari tuzilmalari Palata raisi tomonidan uning Rayosati bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

    Palata (Vahobov) bir oy muddatda:

    Palata raisi o‘rinbosarlari o‘rtasida aniq vazifalar va funksiyalarni taqsimlab, Palata ijroiya qo‘mitasi va hududiy bo‘linmalarining tuzilmalari hamda shtat birliklarini tasdiqlasin;

    Palata ijroiya qo‘mitasi va hududiy bo‘linmalarining malakali, chuqur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, o‘z vazifalarini samarali va mas’uliyat bilan bajaradigan kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

    9. Markaziy bank, Adliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi va Statistika agentligi respublikadagi ishbilarmonlik muhiti, biznes yuritish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining yashovchanligi holatini tahlil qilish maqsadida uch oy muddatda o‘z elektron axborot tizimlari Palataning elektron axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

    10. Palata ikki oy muddatda:

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan birgalikda respublika hududlarida startaplar, biznes-inkubatorlar va boshqa kichik tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun nobank kredit tashkilotlarini tashkil qilish;

    ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda dual ta’lim tizimini takomillashtirish, “Ustoz-shogird” an’analarining zamonaviy mexanizmlarini tajriba tariqasida 3 ta oliy o‘quv yurtining 3- va 4-bosqichiga hamda 2 ta kasb-hunar kollejiga joriy qilish;

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 23 yanvar