Foto muallifi: Muzaffar Abdullayev
Mazkur media-xollni tashkil qilishdan asosiy maqsad ham saylov jarayonlari haqida xalqimiz va dunyo hamjamiyatini muntazam ravishda, tezkor va xolisona xabardor qilib borishdan iborat.
Media-xolda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari uchun turli brifinglar, matbuot anjumanlari oʻtkazish, siyosiy partiyalar, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilish, intervyular olish, turli koʻrsatuvlar, mediamahsulotlar suratga olish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Bu yerda mamlakatimizdagi siyosiy partiyalarning dasturlari taqdimoti, tegishli vazirlik va idoralar, ekspertlar ishtirokida yurtimizda soʻnggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha muloqotlar, dolzarb mavzudagi bahs-munozaralar, yosh jurnalistlar va blogerlar ishtirokidagi turli brifinglar, mahorat darslari, qiziqarli tanlovlar, jami 40 dan ortiq tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Media-xoll xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy va mahalliy jurnalistlar va mehmonlar uchun muloqot maydoni (kofe breyk bilan), siyosiy partiyalar uchun brifinglar va matbuot anjumanlari oʻtkazish zali, madaniy tadbirlar zali, jurnalistlar ishlashi, suhbatlar uyushtirishi, intervyular olishi uchun matbuot markazi, hamda mehmonlar uchun dam olish joyidan iborat.
“Xalqaro media-xol” tadbirlarida 5000 nafardan ortiq iqtidorli, faol yoshlar, ijodkor talabalar, yosh mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, “xalqaro media-xoll” kun tartibidan konsertlar, film taqdimotlari, qator madaniy dasturlar ham oʻrin olgan.
2021-yilning 14-oktyabr kuni soat 17.00 da “Yoshlar ijod saroyi”da “Xalqaro media-xoll”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, diplomatik korpus, xalqaro kuzatuvchilar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Markaziy Saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev, OʻzEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, “Yuksalish” Umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Sherzod Olimov va boshqalar soʻzga chiqib, mamlakatimizda oʻtadigan muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovini keng va xolisona yoritishda, saylovning xalqaro andozalarga va demokratik tamoyillarga muvofiq tarzda oʻtkazilishida, ommaviy axborot vositalari uchun transparentlik va teng huquqlilikni taʼminlashda ushbu “Media-xoll”ning tashkil etilishi katta yordam berishini alohida taʼkidladi.
Media xollning maqsad va vazifalari, unda yaratilgan sharoitlar va yaartilgan imkoniyatlar taqdimoti oʻtkazildi.
Shundan soʻng mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar vakillari soʻzga chiqib, tashviqot jarayonlari va media xollda yaratilgan sharoitlar xususida sщz yuritishdi.
Taqdimot marosimida taniqli sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlar bilan ishtirokchilarni mamnun etishdi. Tadbirda Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga koʻra suratga olingan “Bir kunlik toʻy” badiiy filmi namoyish etildi.
“Xalqaro media-xol” 2021-yilning 26 oktyariga qadar oʻz faoliyatini davom ettiradi.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri