Binobarin, saylovlar yaqin va olis istiqbol uchun belgilab beriladigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, saylov qonunchiligi mamlakatimizning koʻp yillik milliy saylov tajribasi hamda xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasiga muvofiq takomillashtirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida ham “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilinib, moddama-modda koʻrib chiqildi.
Xoʻsh, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida qanday oʻzgarishlar boʻldi, keng jamoatchilik, ekspertlar, olimlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar inobatga olinib, qonun loyihasida oʻz aksini topdimi?
Qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrish jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar, Yoshlar parlamentlari aʼzolari tomonidan koʻplab takliflar bildirildi. Shu va parlament quyi palatasining rasmiy veb saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun qoʻyilgan loyiha yuzasidan kelib tushgan mingga yaqin taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihasini yana-da pishiq-puxta holatga keltirishda juda as qotdi.
Masalan, birinchi oʻqishga kiritilgan qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 3-moddasiga, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 ta moddasiga, Saylov kodeksining 29 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan edi.
Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida, siyosiy partiyalar fraksiyalarida bir qator tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etildi, fraksiyalararo munozaralar oʻtkazildi. Muhokamalarda bildirilgan asosli takliflar inobatga olindi. Xususan, quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar tomonidan bildirilgan takliflar asosida siyosiy partiyalarning saylov uchun ajratilgan mablagʻlar yuzasidan Hisob palatasiga hisobot berishi haqidagi norma chiqarildi.
Mazkur hujjatda siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi ham joriy etilmoqda. Shu bilan birga, siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari eʼlon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi koʻzda tutilyapti.
Qizgʻin muhokama va muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarni dekabr oyidan oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasiga koʻchirish taklif etilgani deputatlar tomonidan yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlandi. Chunki bu bilan saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli zamin yaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali milliy saylov qonunchiligi umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yana-da muvofiqlashtiriladi, saylov jarayonlari ochiq va oshkora oʻtishi taʼminlanishiga erishiladi. Eng muhimi, Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi oʻrni yaxshilanishi kafolatlanadi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati