Saylov tizimlari xalqaro fondi (IFES) yurtimizdagi faoliyatini kengaytiradi

    Xalqaro hamkorlik 4 Oktabr 2022 2171

    Bugun Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev Saylov tizimlari xalqaro fondi (IFES)ning Yevropa va Yevroosiyo hududiy ofisi direktori Anya Kamberlend, Oʻzbekiston boʻyicha direktori Tamar Jvaniya va eksperti Inna Tovmasyanlar bilan uchrashdi.

    Oʻzaro muhokamalarda kelgusida MSK va IFES oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, MSK xodimlarining malakasini oshirish, kelgusida saylov jarayonlarini umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish boʻyicha kelishuvlarni muhokama qilishdi.

    Anya Kamberlend oʻz navbatida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholagan holda IFESning mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish borasida bir qator loyihalar tayyorlanayotganligini maʼlum qildi.

    MSK Raisi Z.Nizamxodjayev ham ikki tashkilot oʻrtasida amalga oshiriladigan loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini, MSK doimo xalqaro tashkilotlar bilan ochiq muloqot oʻtkazishga va kelgusida oʻzaro manfaatli munosabatlarni amalga oshirilishiga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

    Uchrashuvda MSK rais oʻrinbosari B.Kuchkarov hamda doimiy asosda faoliyat yurituvchi MSK aʼzosi G.Raximovalar ishtirok etishdi.