Saylov jarayonlari oshkora va haqqoniy oʻtishini taʼminlashda kuzatuvchilarning ishtiroki muhimdir. Zero, ular saylov kampaniyasi boshlanganidan to yakuniy natijalar eʼlon qilingunga qadar ishtirok etishi, jarayonlar borishi OAVda muntazam yoritilishi oshkoralik muhiti yaratilishiga xizmat qiladi, shuningdek, fuqarolarning saylovlarga ishonchi ortishi va saylovda faol ishtirok etishini taʼminlovchi asosiy vositalardan biri hisoblanadi.

Saylov jarayonlarining legitimligiga baho berish maqsadida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan ham kuzatuvchilar tashrif buyuradi. Ularning jarayonlarni bevosita kuzatib, tahlil asosida eʼlon qiladigan xulosasi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik uchun qonunchilikka tuzatishlar kiritish jihatidan ham davlatning xalqaro miqyosdagi ijobiy imijini mustahkamlashda muhim sanaladi.

BMTning 2005-yil 27-oktyabrda eʼlon qilingan Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi va unga ilova qilingan Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning axloq kodeksi qoidalari asosida xalqaro tashkilotlar tomonidan turli qoidalar ishlab chiqilgan. Ular faoliyati ushbu hujjatlar va davlatlarning milliy saylov qonunchiligi bilan bogʻliq normativ hujjatlarga asoslanadi.

Xalqaro kuzatuvchilar uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilarga boʻlinadi. Uzoq muddatli kuzatuvchilar saylov kunidan 6-8 hafta oldin, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylovdan 3-5 kun oldin tashrif buyuradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-moddasida saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, xalqaro tashkilotlardan, xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega ekani belgilab qoʻyilgan.

Saylov kodeksiga binoan, kuzatuvchilar oʻz faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Bunda saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilingandan soʻng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi oʻz tashabbusiga koʻra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga binoan ham saylovga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etishi mumkin. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini izhor etib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yoʻllashga haqli.

Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida oʻn kun oldin taqdim etishi lozim.

Xususan, joriy yilning 24-oktyabrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi va Parlament assambleyasi, MDH, SHHT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar, chet davlatlardan kuzatuvchilar tashrif buyurmoqda.

Jumladan, DIIHB saylovni kuzatish missiyasi Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini 1999, 2004, 2009, 2014, 2019-yillarda beshta parlament, 2007, 2015 va 2016-yillarda 3 ta Prezident saylovida amalga oshirgan.

Eʼtiborlisi, saylovlarni tashkil etishda DIIHB ekspertlarining avvalgi Prezident saylovlari yakunlari boʻyicha hisobotlarida bayon etilgan fikr-mulohazalari va tavsiyalari eʼtiborga olingan.

Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byuroga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2016-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakuni boʻyicha 24 ta tavsiyadan 19 tasi qabul qilingan. Umuman, 2016-2021-yillar davomida DIIHB yakuniy xulosalari asosida Oʻzbekiston saylov qonunchiligiga 29 ta tavsiya, 8 ta qisman qabul qilingan tavsiya implementatsiya qilindi.

Jumladan, DIIHB missiyasi tomonidan berilgan qonunchilikka saylov kampaniyasi davrida davlat resurslarini suiisteʼmol qilish masalasini aniq hal etadigan aniq normalar kiritilishi lozimligi toʻgʻrisidagi tavsiyasi inobatga olinib, Saylov kodeksining 44-moddasi quyidagi meʼyorlar bilan toʻldirildi:

“Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;

saylov komissiyalari aʼzolarining;

diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi”.

Shuningdek, DIIHBning “shaffoflikni oshirish maqsadida partiyalar saylov kunidan oldin saylov bilan bogʻliq xarajatlar haqidagi oraliq hisobotni berishni talab etish maqsadga muvofiqdir”, degan tavsiyasini inobatga olgan holda “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasiga quyidagicha oʻzgartirish kiritildi:

“Siyosiy partiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablagʻlar toʻgʻrisida moliyaviy hisobot taqdim etishi shart. Siyosiy partiya saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun oʻziga ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan saylov kunida oraliq hisobotni, saylov natijalari eʼlon qilinganidan keyin esa yakuniy hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi”.

24-oktyabr kuni Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Prezident saylovini kuzatish boʻyicha joriy yil 15-sentyabrdan DIIHBning saylovni kuzatish boʻyicha missiyasi ish boshladi.

Saylovni kuzatish uchun Markaziy saylov komissiyasi taklifi bilan DIIHB missiyasining Ouen Myorfi boshchiligidagi 12 kishidan iborat asosiy jamoasi tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari Germaniya, Avstriya, Belarus, Polsha, Moldova, Slovakiya, Ukraina, Ruminiya, Gruziya va Shimoliy Makedoniya vakillaridir.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida DIIHBdan 300 ga yaqin kuzatuvchi qatnashadi, shu jumladan, Chexiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Polsha, Shveysariya, Rossiya, AQSH, Daniya, Finlyandiya, Gruziya, Vengriya, Qirgʻiziston, Litva va Buyuk Britaniya kabi 18 mamlakatdan uzoq muddatli 28 nafar kuzatuvchi ham ishtirok etadi. Ular saylov kuni Oʻzbekistonning hududlarida saylov jarayonlarini, qisqa muddatli 250 ta kuzatuvchi ovoz berish protseduralarini kuzatadi.

Xalqaro kuzatuvchilar mahalliy kuzatuvchilar singari saylov qonunchiligida belgilangan huquqlardan foydalanadi. Jumladan, xalqaro kuzatuvchilar Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari hamda uchastka saylov komissiyalarida boʻlib oʻtadigan majlislarda ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, joylarda nomzodlar koʻrsatish bilan bogʻliq yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish huquqi qonunchilikda mustahkamlab qoʻyilgan.

Kuzatuvchilar saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik ishlarining borishi, yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishi va saylov qutilari muhrlanishini, fuqarolarning roʻyxatga olinishi hamda ularga saylov byulletenlari berilishini kuzatishi mumkin. Biroq kuzatuvchilardan ushbu jarayonlarga bevosita aralashmaslik, yaʼni saylovning tabiiy ravishda boʻlib oʻtishiga imkoniyat berish talab etiladi.

Bundan tashqari, saylov qonunchiligi kuzatuvchilarning ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda ishtirok etishiga, saylov natijalari tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng esa hujjatlardan koʻchirma nusxalar olishiga ham ruxsat beradi.

Agar tegishli saylov uchastkasida ushbu saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan, deb hisoblash uchun asoslar boʻlsa, kuzatuvchilar bu haqda saylov komissiyasiga maʼlum qilishi mumkin. Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning yuqoridagi huquqlardan foydalanishi uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandat va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishi yetarli hisoblanadi.

Saylovning haqqoniy oʻtishi va saylovchilar tomonidan eng munosib nomzodgina saylanishini taʼminlash maqsadida Saylov kodeksining 33-moddasiga asosan kuzatuvchilar ayrim harakatlarni amalga oshira olmaydi. Masalan, saylov kunida fuqaro saylov byulletenidagi oʻzi tanlagan nomzodga ovoz berish uchun oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda kuzatuvchilarning yashirin ovoz berish kabinasida yoki ovoz berish xonasida boʻlishi qatʼiyan maʼn etilgan. Kuzatuvchilar tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatishi, saylovchilardan kimga ovoz berganini soʻrashi, ularga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda yordam koʻrsatishga urinishi yoki boshqacha tarzda fuqarolarga taʼsir oʻtkazishi mumkin emas. Shuningdek, saylov komissiyasining faoliyatini, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini bevosita kuzatish mumkin boʻlgan holda, ushbu jarayonga aralashish qonun bilan taqiqlangan.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, Oʻzbekistondagi saylovda ishtirok etuvchi xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar soni sezilarli darajada oshgan. 2015-yilda boʻlib oʻtgan Prezident saylovida chet ellik 296 nafar kuzatuvchi qatnashgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2016-yilgi Prezident saylovida 555 nafarni tashkil etgan. 2014-yil 21-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga boʻlib oʻtgan saylovda 331 nafar xorijiy kuzatuvchi qatnashgan boʻlsa, 2019-yilgi parlament saylovida ular soni 825 nafarga yetdi. Bu esa mamlakatimizdagi saylovlar xalqaro hamjamiyat eʼtiborini jalb qilayotgan yangi siyosiy muhit, tub oʻzgarishlar va demokratik islohotlar sharoitida oʻtayotganidan dalolatdir.

Sevara OʻRINBOYEVA

Adliya vazirligi masʼul xodimi