Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlarga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, xalqaro kuzatuvchilar, jurnalistlar, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdi.

Brifingda Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev soʻzga chiqib, mamlakatimizda Prezident sayloviga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Taʼkidlanganidek, Ertaga, yaʼni 24-oktyabr yakshanba kuni - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni. Mamlakatimizda saylovdan saylovgacha oʻtgan vaqt mobaynida milliy saylov qonunchiligimiz demokratik andozalarga hamohang tarzda takomillashtirilib kelinmoqda.Jumladan, xalqaro kuzatuvchilar missiyalari, saylov qonunchiligi boʻyicha milliy va xorijiy ekspertlar, mutaxassislar fikrlari inobatga olingan holda joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha ikkita qonun qabul qilindi.Qonunchilikdagi eng asosiy oʻzgarish mamlakatimizda oʻtkaziladigan saylovlar muddatining dekabr oyidan oktyabr oyiga oʻzgartirilishi boʻldi.

Shuningdek, siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari eʼlon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini taqdim etishi belgilandi. Saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish, jumladan, davlat xizmatchilariga, agar ular ishonchli vakil boʻlmasa, saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlandi.Quyi turuvchi saylov organlarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarning yuqori turuvchi saylov organlari tomonidan koʻrib chiqilishi bekor qilinib, faqat sudlar tomonidan koʻrib chiqilishi mumkinligi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovga tayyorgarlik koʻrish va yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14 ta saylov okruglari,10 ming 761 ta saylov uchastkalari tuzildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 37 ta xorijiy davlatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 54 ta saylov uchastkalari tuzildi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqidagi konsepsiyaga muvofiq, saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va amaliyoti boʻyicha nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini yanada yuksaltirish maqsadida kaskad usulida 7 bosqichli oʻquv-seminarlari tashkil etildi. Saylov komissiyalarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati bilan ishlashda xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik hamda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini taʼminlash maqsadida saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi operatorlarini tayyorlash boʻyicha 3-bosqichli oʻquvlar tashkil etildi.

Brifingda, shuningdek, aholining saylov jarayonidan xabardorligini oshirish maqsadida olib borilgan targʻibot-tashviqot ishlari, saylovning ochiq, oshkora oʻtishini taʼminlash yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar, saylov jarayonida gender tenglikni taʼminlash masalalari va boshqa chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.

B.Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri