Taxminan 370 000 kvadrat kilometr maydonga ega Kaspiy dengizi sayyoramizdagi eng katta ko'l bo'lib, Qozog'iston, Ozarbayjon, Rossiya, Turkmaniston va Eron tomonidan birgalikda foydalanadigan suv havzasidir. Keyingi paytlarda dunyo jamoatchiligi e'tibori Kaspiy dengizining ekologik falokatiga qaratilmoqda. ekspertlarning fikriga ko'ra, Kaspiy dengizining suv sathi 2006 yildan buyon 2 metrga pasaygan. Eng uzun qirg'oq chizig'iga ega Qozog'iston bu o'zgarishlarning keskin oqibatlarini ko'proq boshdan kechirmoqda. Shu bois, mazkur mamlakatda Kaspiy dengizi suv sathining katta tezlikda pasayib borayotgani va bioxilma-xilligi borasida xavotirlar kuchayib boryapti.
Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida mazkur muammo haqida to'xtalib o'tgani mazkur xavotirlar qanchalik asosli ekanidan dalolat beradi. U o'z nutqida ko'plab mummolar qatorida Kaspiy dengiziga ham alohida to'xtalib o'tdi, jumladan, shunday dedi: “Ayni paytda, Kaspiy dengizi tezlikda sayozlashib boryapti. Bu endi nafaqat mintaqaviy muammo, bu global xavotirdir.
Shuning uchun biz mintaqaviy hamkorlarimiz va butun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda Kaspiy suv resurslarini saqlab qolish uchun shoshilinch choralar ko'rishga chaqiramiz”, dedi u.
Ko'l nega sayozlashyapti?
Kaspiy dengizi sathi birinchi marta pasaygani yo'q. Rossiya Tabiiy resurslar vazirligi XX asrda ikki o'zgarish davri bo'lganini ma'lum qildi. Birinchisi, 1930-yildan 1977-yilgacha davom etdi. Bu davrda Kaspiy dengizi sathi 3 metrga pasaygan edi. Ikkinchisi, 1978-yildan 1995-yilgacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Bu davrda suv sathi 2,4 metrga ko'tarilgan va avvalgi yo'qotishlarning o'rni ancha qoplangan. 1995-yildan boshlab ko'l suvining sathi yana pasaya boshlagan va bu holat bugungi kunga qadar davom etyapti. Bu o'zgarishlar olimlarni xavotirga solmoqda. Chunki ko'lning suv sathi bundan ham pasayib ketishi mumkin.
So'nggi o'n yilliklarda olimlar Kaspiy dengizining nima uchun sayozlashib borayotgani haqida ko'plab nazariyalarni ishlab chiqishdi. Xususan, ko'lda suv sathining pasayishi dengiz yuzasidan suvning bug'lanishi bilan bog'liq, deb qaralmoqda. Ya'ni, iqlim o'zgarishi va oqibatda havo haroratining ko'tarilishi suv haroratining oshishiga olib keladi, bu esa dengizning o'zida bug'lanishni kuchaytiradi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, shamollarning yo'nalishi ham namlikning bug'lanishiga ta'sir qiladi. Agar shamol sharqdan, Markaziy Osiyo cho'llaridan essa, havo sezilarli darajada isiydi, Kaspiy dengizi suvini isitadi va uning tezroq bug'lanishiga olib keladi. Agar shamol shimoliy yoki shimoli-g'arbiy tomondan essa, bug'lanish kamroq bo'ladi.
Ma'lumki, Kaspiy dengizi yopiq suv havzasi hisoblanadi. Uning suv miqdori qay darajada bo'lishi suv oqimining kirib kelishi va uning sarfiga bog'liq. Uning asosiy suv manbai Volga daryosi bo'lib, u ko'lning 80 foiz suv zaxirasini ta'minlaydi. Atmosfera yog'inlari va ozroq darajada yer osti suvlari oqimi ham ko'lni “to'yintiradi”.
Iqlim o'zgarishi, global isish yog'ingarchilikning kamayishiga olib keladi. Yog'ingarchilik kamayishi Kaspiy dengizi, qolaversa unga quyiladigan Volga daryosining ham suv hajmiga ta'sir etadi. Shu bois, Kaspiy dengizining sayozlashib borayotgani asosan Volga daryosi bilan bog'liq.
“Kaspiy dengizi 80 foiz Volga daryosidan to'yinadi. Iqlim o'zgarishi oqibatida yog'ingarchilikning kamayayotgani va daryo bo'ylab to'g'onlar qurilayotgani dengizga yetarli miqdorda suv oqishiga to'sqinlik qilmoqda. Bu suv sathining pasayishining asosiy sababi”, deb tushuntirdi “Save The Caspian Sea” (“Kaspiy dengizini qutqaring”) ekologik harakati asoschisi Vadim Ni.
So'nggi 10-12 yil ichida Volga daryosining hajmi Kaspiy dengizi sathidagi tebranishlar bilan taqqoslansa ularning suv miqdori o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlik namoyon bo'ladi. Volga daryosning suv hajmi uning irmoqlari – Kama, Oka daryolari havzalaridagi yog'ingarchilik miqdoriga ham bog'liq.
Shuningdek, ko'lning sayoz qismida, ayniqsa delta hududlarida o'simliklarning suv iste'moli yuqoriligi ham o'z ta'sirini ko'rsatmoqda.
Noyob jonivorlar nobud bo'lmoqda
Kaspiy dengizining sayozlashishi tabiiy landshaftni o'zgartirmoqda. Baliqlar ko'payadigan, qushlar uya quradigan va migratsiya paytida ular uchib kelib, qo'nadigan joylar yo'qolib bormoqda, ayrim joylarda sohil chekinmoqda.
Dengizga antropogen ta'sirni ham inkor etib bo'lmaydi. Neft qazib olish, shu jumladan uning to'kilishi Kaspiy dengizidagi ifloslanishning asosiy manbai hisoblanadi. Bundan tashqari, Volga daryosi ko'plab shaharlar orqali oqib o'tadi va uning suvi Kaspiy dengiziga juda ko'p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarni olib kiradi. Bu chiqindilar tarkibida sintetik moddalar, fenollar, neft mahsulotlari va og'ir metallar mavjud. Plastik chiqindilar muammosi ham tobora kuchayib boryapti.
Dengizning sanoat va neft chiqindilari tufayli ifloslanishidan tashqari, Kaspiy dengizi bioxilma-xillikning kamayishi xavfi ostida, chunki baliqlar va Kaspiy tyulenlari populyatsiyasi kamaymoqda.
Kaspiy tyuleni ko'ldagi yagona sutemizuvchi hayvon. 2008-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi uni yo'qolib ketish xavfi ostidagi jonivorlar ro'yxatiga kiritdi. Mazkur tur Qozog'iston Qizil kitobidan ham joy oldi. XX asr boshlarida Kaspiy dengizidagi tyulenlar soni 1,2 milliontani tashkil etdi. O'tgan asrning 70-yillarida ularning soni 600 mingga kamaydi. Hozirda ularning soni 75 000 – 270 000 ming atrofida.
So'nggi paytlarda Kaspiy qirg'oqlarida o'lik tyulenlarning qirg'oqqa chiqib qolayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez ko'zimiz tushyapti. Yaqinda Qozog'istonning Tupkaragan tumanida qirg'oqbo'yi tadqiqoti davomida 112 ta o'lik Kaspiy tyuleni topilgani xabar qilindi. Bu Qozog'istonda Kaspiy tyulenlarining ommaviy qirilishi bilan bog'liq birinchi holat emas. Mamlakat Qishloq xo'jaligi vazirligining Baliqchilik qo'mitasi 2024-yil noyabrdan 2025-yil maygacha topilgan o'lik tyulenlarning umumiy soni 2194 tani tashkil etganini xabar qilgandi.
Kaspiy dengizida mazkur jonivorlarning nima sababdan nobud bo'layotgani xususida turli qarashlar mavjud. Rossiya Davlat Dumasining ekologiya, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi raisining o'rinbosari Aleksandr Kogan Milliy yangiliklar xizmati agentligiga (NSN) bergan intervyusida bu borada shunday dedi:
“Kaspiy dengizining uzoq muddatli ifloslanishi tyulenlarning organizmida toksinlar to'planishiga olib kelmoqda va bu immunitet tanqisligini keltirib chiqaradi. Bu o'tmishda epizootiyalar (masalan, 2000-yilda) tasdiqlaganidek, ularni kasalliklarga moyil qiladi. Shuning uchun, immunitetning zaiflashishi fonida infektsiyaning avj olishi o'ta real ssenariydir. 2022-yil oxirida tyulenlarning ommaviy nobud bo'lishi tabiiy gaz chiqishi tufayli ularning bo'g'ilib qolishi bilan bog'liq edi (Kaspiy dengizida ko'plab loy vulqonlar mavjud). Bu ehtimolni ham e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi faol neft va gaz qazib olinadigan mintaqadir, shuning uchun zaharli moddalarning to'kilishi yoki boshqa texnogen ta'sirni ham inkor etib bo'lmaydi. To'liq tadqiqotlar o'tkazmasdan bitta sababni e'lon qilishga erta”, dedi u.
Orol fojiasi takrorlanadimi?
Ekspertlar Kaspiy dengizi suv hajmining 90 foizdan ortig'ini yo'qotgan Orol dengizining taqdirini takrorlash xavfi ostida emas, deb hisoblamoqda. Bu ikkita ko'lning chuqurlik darajasidagi katta tafovut bilan bog'liq. Orol dengizi hatto o'zining eng sersuv davrida ham maksimal chuqurligi taxminan 66 metr bo'lgan sayoz suv havzasi edi. Kaspiy dengizining chuqurligi esa ayrim joylarida 1000 metrdan oshadi. Ko'lning suv hajmi juda katta bo'lgani uchun uning to'liq qurib qolishi mumkinligi ehtimoli inkor etilyapti.
Biroq, jarayonlarda o'xshashliklar bor, albatta. So'nggi yillarda Kaspiy dengizi suv sathining pasayish sur'atini Orol dengizining tez qurib borishi davridagi pasayish sur'ati bilan taqqoslash mumkin. Ikki suv havzasi mintaqadagi yog'ingarchilikka ta'sir qiluvchi atmosfera jarayonlari orqali bilvosita bog'liq.
Orol dengizining qurib ketishi jiddiy gumanitar muammolarga olib keldi: ochiq dengiz tubidan tuz va chang bo'ronlari, yer usti va yer osti suvlarining sho'rlanishi va qishloq xo'jaligi erlarining degradatsiyasi aholining iqtisodiy farovonligi va sog'lig'iga bevosita ta'sir ko'rsatdi. Hozircha Kaspiy mintaqasida ko'lning sayozlashishining odamlar salomatligiga ta'siri bilan bog'liq holatlar aniqlangani yo'q.
Ko'rilayotgan choralar
2003-yil 4-noyabrda Eronning Tehron shahrida Kaspiy dengizining dengiz muhitini muhofaza qilish bo'yicha Doiraviy Konvensiya qabul qilingan bo'lib, u beshta Kaspiy bo'yi davlatlari: Ozarbayjon Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Qozog'iston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi hamda Turkmaniston Respublikasi vakillari tomonidan imzolangan. Mazkur mintaqaviy xalqaro Konventsiya 2006-yil 12-avgustda kuchga kirgan. Shu bois, har yili 12 avgust kuni Xalqaro Kaspiy dengizi kuni nishonlanadi.
Konvensiya Kaspiy dengizi muhitini ifloslanishdan muhofaza qilish, uning biologik resurslarini himoya qilish, saqlash, tiklash, barqaror va oqilona foydalanishni nazarda tutadi. Bu mintaqada ekologik hamkorlik uchun poydevor qo'ydi va besh davlatning Kaspiy dengizining noyob ekotizimini saqlab qolish bo'yicha oqilona va samarali hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Konvensiya to'rtta bayonnomadan iborat: “Neft ifloslanishi hodisalariga qarshi kurashishda mintaqaviy tayyorgarlik, javob choralari va hamkorlik”, “Kaspiy dengizini quruqlikdagi manbalar va faoliyatdan kelib chiqadigan ifloslanishdan himoya qilish”, “Bioxilma-xillikni saqlash” va “Transchegaraviy kontekstda atrof-muhitga ta'sirni baholash”.
2018-yil 12-avgustda Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to'g'risidagi Konvensiya imzolandi – bu mintaqa uchun asosiy hujjat bo'lib, Kaspiy dengizining xalqaro huquqiy maqomini va Kaspiy bo'yidagi davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning asosiy tamoyillari va tartiblarini belgilaydi.
Mazkur Konvensiyalar doirasida olib borilayotgan ishlarga qaramay, Kaspiy dengizining suvi sayozlashib, ekologik holati tobora yomonlashib bormoqda. Buni global isish, antropogen omillar va suv resurslarini samarasiz boshqarish bilan bog'lash mumkin. Bu omillarning barchasi Kaspiy dengizi sathining pasayishiga olib kelmoqda, bu esa qirg'oqbo'yi davlatlarning bioxilma-xilligi va ijtimoiy-iqtisodiy holati uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Garchi oqibatlar hozircha katta ko'lamda namoyon bo'lmayotgan bo'lsa-da, vaziyat yaqin kelajakda yomonlashishi hech gap emas. Mavjud vaziyat hamda Orol dengizi taqdiri takrorlanishining oldini olish mas'uliyati Kaspiybo'yi mamlakatlardan ko'lning suv resurslarini tartibga solish, ekologik barqarorlikni ta'minlash bo'yicha o'z vaqtida zaruriy choralar ko'rishni taqozo etadi.
Shahzod G'afforov,
“Yuz.uz” sharhlovchisi