Sayxunobodda 6 ming tonna yogʻ ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ish boshladi

    Sanoat 8 Sentabr 2021 1033

    Sayxunobod tumanidagi “Paxtakon” mahallasida “Sayxun gold oil” MCHJ tomonidan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish korxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

    Qiymati 2 mln dollar boʻlgan, yiliga 30 ming tonna paxta chigitini qayta ishlashga moʻljallangan korxonada 6 ming tonna sifatli yogʻ mahsuloti olinadi. Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, endilikda yana 70 nafardan ortiq fuqaroning doimiy bandligi taʼminlanadi. Bu esa oʻz-oʻzidan tuman aholisining turmush sharoitini yanada yaxshilashga, ularning daromadini oshirishga hizmat qiladi, deya xabar beradi Savdo sanoat palatasi axborot xizmati.

    Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, tuman sektor rahbarlari, viloyat va tuman tashkilot rahbarlari hamda nuroniylar ishtirok etishdi.

    Tadbirda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev soʻzga chiqib, korxona faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi va bunday loyihalarning ishga tushishi, olib borilayotgan bunyodkorliklar, oʻzgarishlar, yangiliklarning kun sayin ortib borayotganligi yurtimiz ravnaqi yoʻlida nechogʻlik ahamiyatli ekanligi haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Darhaqiqat, Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ijobiy natijasini bermoqda. Birgina klaster tizimining joriy etilishi va bu tizim bugungi kunda oʻzini toʻlaqonli oqlab kelayotganini ushbu korxona misolida ham koʻrish mumkin.