Muzokaralar chog'ida o'zaro turistlar oqimini ko'paytirish, muzeyshunoslik va arxeologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xolid al-Ananiyning ta'kidlashicha, 2018 yil 4-5 sentyabr` kunlari Misr Prezidentining O'zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari o'rtasida imzolangan Turizm sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitim sayyohlik, madaniy va ma'naviy yo'nalishlardagi o'zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga qulay imkon yaratdi.

Suhbatdosh Madrid shahrida o'tkazilgan YUNVTOning 24-sessiyasi chog'ida O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov bilan bo'lgan uchrashuvni iliq xotirladi. Xolid al-Ananiy YUNVTOning 25-sessiyasi mezboni sifatida Samarqand shahri tanlangani bilan tabriklab, ushbu tadbirda Misr tomoni yuqori darajada ishtirok etishini ma'lum qildi.

Vazir turizm, muzeyshunoslik va arxeologiya sohalarida Misr va O'zbekiston mutaxassislari o'rtasida tajriba almashish, mahorat darslari uyushtirish, hamkorlikda qo'shma loyihalar tashkil etishda ko'maklashishga tayyorligini bildirdi.

Misr turizm va qadimiy yodgorliklar vaziriga O'zbekiston Prezidenti rahbarligida turizm va muzeyshunoslik sohalarida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar to'g'risida batafsil ma'lumot taqdim qilindi.

Xorijliklar, xususan, Misr fuqarolari uchun O'zbekistonga kirish tartibi soddalashtirilib, “E-Visa” tizimi orqali elektron viza olish imkoniyati yaratilgani ham alohida urg'ulandi.