Aynan shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Xalq qabulxonalari masʼul xodimlari boshchiligida 20 ga yaqin vazirlik va idoralar ishtirokida Fargʻona viloyati aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.
Muloqotlar Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Bogʻdod, Fargʻona hamda Toshloq tumanlarida tashkil etilgan boʻlib, Fargʻona viloyatining barcha hududidagi aholini qamrab oldi. Jami 2 300 ga yaqin murojaatchi ishtirok etdi.
Qabullar davomida ichki ishlar faoliyatiga oid, sud qarorlari yuzasidan va prokuratura organlariga eng koʻp murojaat kelib tushdi. Shuningdek, mazkur qabullar viloyatda bank tizimi, gaz va elektr taʼminoti, mehnat va bandlik, yoʻllarni taʼmirlash, uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy taʼminot, sud qarorlari ijrosi va aliment, sogʻliqni saqlash, kadastr, maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi masalalarida ham yechimini kutib turgan koʻplab muammolar borligini ochiq-oydin koʻrsatib berdi.
Qishloq hududlaridagi aholi murojaatlarining salmoqli qismini kommunal xoʻjalik idoralari faoliyatidan qoniqmaslik, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr taʼminoti masalalari tashkil etdi. Mazkur masalalar yuzasidan ham mutasaddi idoralar xodimlari murojaatchilar bilan birma-bir qabullar oʻtkazishdi xamda zudlik bilan aytilgan muammolarni hal etish va taʼminot masalalarini yechishga kirishildi.
Jumladan, 395 dona simyogʻoch yangi temir-beton tayanchlarga almashtirildi. Shuningdek, 20 dona transformator punkti oʻrnatildi hamda 33,2 kilometr havo tarmogʻi tortildi. Toza ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha qoloq hududlarda ishlar jadallashdi. Transheyalar kovlanib, suv quvurlari tarmoqlari tortildi.
Xonadonlarga 1 000 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 22 355 ta aholi xonadoni tabiiy gaz bilan taʼminlandi xamda 6 ta ijtimoiy soha obyekti tabiiy gaz tarmogʻiga ulandi.
Aholi murojaatlari qatorida yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha 127 ta ariza qabul qilindi. Ichki yoʻl taʼmiri boʻyicha vaziyat joylarga chiqib alohida oʻrganildi va natijada qariyb 2,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratilib, 18 kilometr yoʻl taʼmirlandi, 2 kilometr yoʻl asfaltlashtirildi, 6 kilometr yoʻl shagʻal bilan qoplandi, 11 kilometr yoʻl joriy taʼmirlandi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash alohida masala tariqasida oʻrganildi. Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari vakillari, oʻz ishini boshlash istagidagi yoshlar, xotin-qizlar oʻrtasida biznesni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan masalalar jiddiy tahlil qilindi. 12 ta tadbirkorlik subyektiga 4 mlrd soʻmdan ziyod kredit mablagʻlari ajratildi. Biznes sohasiga ilk qadamini qoʻya boshlagan 38 nafar fuqaroga 1,5 mlrd soʻm miqdoridagi imtiyozli kredit ajratilishiga erishildi.
Shu tariqa bank sohasiga oid 90 ta masala oʻrganilgan boʻlsa, sogʻliqni saqlash boʻyicha ham yuzlab murojaatlar kelib tushdi. 35 nafar fuqaroga davolanish uchun order berildi, 8 nafar fuqaroga nogironlikka chiqish uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tayinlandi. 21 nafar bola viloyat koʻptarmoqli tibbiyot markaziga yoʻllanma bilan yuborildi.
Ushbu tartibda oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida 2 332 ta masala boʻyicha murojaatlar qabul qilinib, ularning 41,5 foizi joyida ijobiy hal etildi. 22 foiz murojaatga huquqiy tushuntirishlar berilib, murojaatlarning qolgan 31,5 foizi ijro uchun nazoratga olindi.