Agar ota-onalar farzandlari rivojlanishida boʻy oʻsishining sekinlashishi, ortiqcha vazn yoki aksincha, vazn yetishmasligi, horgʻinlik, zaiflik kabi holatlarni sezsalar, darhol bolalar endokrinologiga murojaat qilishlari kerak, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Bolalar endokrinologiyasi boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Muxlisa Sharixsiyevaga. — Bu, asosan nosogʻlom ovqatlanish, yaʼni fastfudlar, tez tayyorlanuvchi mahsulotlar, shirinliklar, shokolad va gazlangan ichimliklarni haddan ziyod koʻp isteʼmol qilish bilan bogʻliq.

Bolalarda semirish besh yoshdan kuzatila boshlaydi. Bunga koʻpincha maktabga chiqishdan oldin oʻgʻil-qizlar turmush tarzining keskin oʻzgarishi, ovqatlanish tartibining buzilishi sabab boʻladi.

Semizlikdan saqlanishning asosiy yoʻli muvozanatli taomlanishdir. Ayniqsa, nonushta qilishni kanda qilmaslik kerak. Chunki bola kun davomida quvvat beradigan kaloriya va uglevodlarning asosiy miqdorini ertalabki tanovul paytida oladi. Nonushta boʻtqa, tuxum, tvorog va mevalardan iborat boʻlishi mumkin.

Tushlik va kechki ovqat ham vaqtida qilinishi kerak. Shuningdek, kun davomida zarur miqdorda suyuqlik ichishni ham unutmaslik zarur.

Bolaning ratsionida ortiqcha uglevodlar boʻlmasligi muhim. Ularni isteʼmol qilish turmush tarziga bogʻliq. Chunki bunday moddalar tanadagi energiya manbai hisoblanadi. Shuning uchun, agar bola koʻp harakatlansa va sport bilan shugʻullansa, koʻproq uglevodlarga muhtoj va aksincha, harakati kam boʻlsa, uglevodni kamaytirgan afzal.

Bundan tashqari, isteʼmol qilinadigan ovqat hajmiga ham eʼtiborli boʻlish lozim. Bolaga kattalar yeydigan porsiyani bermaslik kerak.

Oʻgʻil-qizlardagi semizlikning asosiy xavfi keyinchalik ularda 2-toifa qandli diabet rivojlanishi mumkin. Ushbu kasallikning dastlabki belgilari tez-tez peshob qilish, tashnalik va sababsiz vazn yoʻqotishdir. Farzandingizda bunday belgilarni sezsangiz, darhol endokrinologga murojaat qiling.