Goteborg universiteti olimlari semizlik va qandli diabetning ikkinchi turiga chalinganlar uchun dori vositasi – semaglutid alkogolizmga qarshi samarali ekanligini aniqlashdi.

Tajriba davomida semizlik va spirtli ichimliklarga qaramlikdan aziyat chekadigan laboratoriya kalamushlari va sichqonlariga semaglutid berildi. Mutaxassislar tadqiqot davomida spirtli ichimliklar, suv va oziq-ovqat iste'molini, tana vaznini hamda davolanishdan oldin sakkiz-o'n hafta davomida spirtli ichimliklar iste'molini o'rganishdi.

Ma'lum bo'lishicha, dori vositasini qabul qilgan hayvonlar semaglutidni iste'mol qilmagan jonivorlarga nisbatan spirtli ichimliklar iste'molini ikki baravar kamaytirgan. Dori vositasi erkak va urg'ochi kalamushlarda bir xil darajada ta'sir ko'rsatdi.

Mutaxassislar dori vositasining ijobiy ta'siriga qaramay, odamlar va hayvonlarni o'rganish masalasida har doim farq borligini, buni hisobga olish kerakligini ta'kidlashdi, deb xabar beradi lenta.ru.