Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Tehron, 2023-yil 18-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi jinoyat sodir etish natijasida ozodlikdan mahrum etilgan O‘zbekiston va Eron fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va mahkumlarni topshirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Taʼkidlash joizki, Shartnoma 2023-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Eronga rasmiy tashrifi davomida imzolangan edi.

Hujjatga ko‘ra, mazkur Shartnomani ratifikatsiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshiradi.

Muhokama chog‘ida senatorlar mahkumlarga jazoni o‘z yurtida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkonini berishini, bu esa o‘z navbatida oilaviy munosabatlarga ijobiy taʼsir ko‘rsatishini, shuningdek, mahkumlarning ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam berishini alohida qayd etdilar.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.