Ayni paytda tizimning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar davom ettirilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida shu haqda gap bordi. “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokamasi jarayonida mahalla instituti maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlangani qayd etildi.

Buning mazmun va mohiyati shundan iboratki, endilikda davlatning ijtimoiy siyosati tuman yoki shahardan emas, balki mahalladan boshlanadi. Chunki yangilangan Konstitutsiyaga binoan Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani, uning bu boradagi siyosati aynan mahalladan boshlanishi mantiqan toʻgʻri.

Oxirgi yetti yilda mahalla institutini takomillashtirish davlatning diqqat-eʼtiborida boʻlib, bu borada oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, aynan mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Oʻz navbatida, senatorlar fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish, shuningdek, boʻshab qolgan oʻrinlarga saylangan fuqarolar yigʻinlari raislari faoliyati kafolatlarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelganini ham qayd etib oʻtdi.

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazkur masalalarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunda fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddati 3-yildan 5-yilga uzaytirilib, boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻinlari raislarini 5-yil muddatga saylash, shuningdek, fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlariga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Muhokamada mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolar yigʻinlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etishga xizmat qilishi alohida aytib oʻtildi.

Shuningdek, qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartirish saylovni tashkil etish va oʻtkazish borasida hududlardagi masʼul rahbarlarning masʼuliyatini oshiradi hamda boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻini raisi saylovi oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlaydi.

Senatorlar, mahalliy kengashlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash va huquqiy masalalar boʻyicha doimiy komissiyalari raislari, qoʻmita ekspertlari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis yakunida koʻrilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.