Senatorlar ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash uchun qoʻshimcha kafolatlar yaratish imkonini berishini, qonunchilikni yana-da takomillashtirish uchun dastur boʻlib xizmat qilishini, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash nuqtayi nazaridan davlat organlarining javobgarligini kuchaytirishini taʼkidladilar.
Konvensiya qabul qilinishi:
birinchidan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
ikkinchidan, nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlarini yaratish;
uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilish borasida Oʻzbekistonning xalqaro imijini yaxshilash imkonini beradi.
Konvensiya nogironlarning huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash, ularga nisbatan kamsitishga barham berish, ularning mehnat qilish, oʻz sogʻligʻini asrash, taʼlim olish va jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etish huquqini taʼminlash, odil sudlovga erishish, shaxsiy daxlsizligi, ekspluatatsiya qilinishdan va suiisteʼmollikdan himoyalanishini, erkin harakatlanishini, shaxsiy mobilligini taʼminlashga qaratilgan 50 ta moddadan iborat.
Senatorlar Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida qabul qilingan Qonun jamiyatda nogironlikka ijtimoiy-huquqiy yondashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladilar.
Boʻlib oʻtgan muhokamalar davomida senatorlar Oʻzbekiston ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilib, nogironlar uchun tegishli infratuzilmani takomillashtirish (turar joy va jamoat binolarini, transportni, bir qator xizmatlarni moslashtirish), shuningdek aholi oʻrtasida yanglish fikrlar va stereotiplarni yoʻq qilishni nazarda tutadigan axloqiy-maʼnaviy yoʻl-yoʻriqlarni shakllantirish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishini taʼkidladilar.
Shunday qilib, mazkur Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston rahbariyatining fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, shuningdek, teng ishtirok etish va resurslardan foydalanish, fuqarolarning siyosiy va fuqarolik huquqlarini kamsitishlarsiz amalga oshirish tamoyillariga rioya qilishga qatʼiy sodiqligini va bu borada muntazam saʼy-harakat olib borayotganligini koʻrsatadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.