Senat qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi

    Xavfsizlik 21 Oktabr 2021 2531

    Senatning yigirmanchi yalpi majlisida yuqori palata Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.

    Qayd etilganidek, qoʻmita tomonidan qonunchilik faoliyati doirasida hisobot davrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida va ekspertlarni jalb qilgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va maʼqullash uchun Senatga kiritilgan 15 ta qonun (2020-yilda 8 ta, 2021-yilning 9 oyida 7 ta) va 20 ta masala dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.

    Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 14 ta tadbir oʻtkazilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining axboroti 4-marta, mudofaa vaziri hamda Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi raisining axborotlari 1-martadan, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisining axboroti 1-marta, favqulodda vaziyatlar vaziri, Davlat bojxona qoʻmitasi raisi, energetika vaziri hamda Surxondaryo viloyati hokimining axborotlari 1-martadan eshitilgan.

    Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook, Instagramm, Telegramm messenger va h.k.) murojaatlarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan 3 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Ularning natijasi qoʻmita va Senatning yalpi majlisida muhokama qilingan.

    Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi Davlat dasturlari ijrosi boʻyicha 4 ta vazifaning bajarilishi taʼminlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomalari hamda 2020-yil 20-yanvardagi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi maʼruzasida belgilab berilgan 5 ta ustuvor vazifa bajarilgan.

    Huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi doirasida Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jinoyatlar koʻp sodir etilgan hududlar monitoring qilinib, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi holati, jinoyatchilikning oshishi sabablari hamda bunga shart-sharoit yaratayotgan omillar oʻrganilib, mutasaddi rahbarlar axborotlari eshitilgan va natijalari yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.

    Natijada Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyatchilik soni ortgan Andijon shahrining Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi vazifasidan ozod etilgan.

    Mamlakatimizda jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida 4-marta ichki ishlar vazirining axborotlari eshitilgan.

    Qonunlar ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlar qabul qilinishini oʻrganish faoliyati doirasida 7 ta qonunni tatbiq etishga qaratilgan qonunosti hujjatlar qabul qilinishi hamda amalda qoʻllanilishi holati monitoring qilinib, natijasi boʻyicha Senat Kengashi qarori qabul qilingan.

    Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sohasida Qoʻmita aʼzolari tomonidan hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 11 926 ta (2020-yilda 7 400 ta, 2021-yilning toʻqqiz oyida 4 526 ta) yozma murojaat koʻrib chiqilgan, shundan 3 407 tasi Senatga kelib tushgan murojaatlardir.

    Nazoratga olinib yuborilgan 919 ta murojaatdan 170 tasi (18%) ijobiy hal qilingan. Taalluqliligi boʻyicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarning 722 tasiga (78%) tashkilotlar tomonidan fuqarolarga tushuntirish berilgan.

    Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar koʻrish maqsadida 1 646 ta uchrashuv oʻtkazilgan.

    Qoʻmita aʼzolari tomonidan Senat va joylarda jami 6 947 nafar fuqaro qabul qilingan.

    Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator soʻrovi shaklidan samarali foydalanib, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 113 ta senator soʻrovi yuborilgan.

    Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va yoʻl qurilishi bilan bogʻliq muammolar hal etilgan.

    Bundan tashqari, senatorlar tashabbusi bilan mamlakatimizdagi oʻnlab mahallalarga ichimlik suvi va tabiiy gaz quvurlari tortilgan, aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida yangi transformatorlar oʻrnatilgan hamda yangi maktab va oilaviy poliklinikalar qurib bitkazilgan.

    Senat tomonidan maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 16 500 ga yaqin materiallar eʼlon qilingan.

    Majlisda qoʻmitaning huquqbuzarliklarni oldini olish va profilaktikasi sohasida foydalanilmayotgan imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

    Xususan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek keng jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorligini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ichki ishlar organlari hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini mahalliy Kengashlarda eshitishda hamon rasmiyatchilik va yuzakilikka yoʻl qoʻyilayotganligi bois huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida mahalliy Kengashlar nazoratini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

    Shuningdek, qoʻmita aʼzolari, mahalliy deputatlar hamda joylarda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga nisbatan, ayniqsa, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan jinoyatlar sabablarini oʻrganib oldini olish, mahalliy Kengashlardagi masʼul komissiyalar, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa bandligi taʼminlanmagan yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlar kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash muhimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qayd etilganidek, yoʻl-transport hodisalarining sodir etilishiga imkon yaratayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish borasidagi faoliyatni yanada kuchaytirish zarur.

    Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.