BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi yalpi majlisida 11-fevralni – “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida eʼlon qiluvchi rezolyutsiya qabul qilindi va ushbu kun BMTning xalqaro kunlaridan biriga aylandi.

Sana munosabati bilan tashkil etilgan Forumning maqsadi mamlakatimizda xotin-qizlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarning natijalarini muhokama qilish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratish va hayotga tatbiq etishlarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy, ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oilasi va jamiyatda hamda ilmiy-ijodiy faoliyatida erishayotgan yutuqlarini ibrat sifatida koʻrsatish orqali qizlarni ilmli boʻlishga undash, zamonaviy kasblarni egallashga targʻib qilishdan iboratdir.

Forumda Senat Raisi Tanzila Narbayeva quyidagi fikrlarni bayon qildi.

— Oʻzbekiston soʻnggi yillarda BMTning barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlayapti va shu tashabbuslar asosida barcha yoʻnalishlarga oid sanalarni faqatgina nishonlash emas, balki sohada erishgan yutuqlarimizni tahlil etish, mavjud muammolarni oʻrganish va kelgusidagi vazifalarimizni aniqlab olish uchun real imkoniyatdir.

Keyingi yillarda Prezidentimizning tashabbusi bilan xotin-qizlarni va ayniqsa, chekka qishloqlarimizdagi aziz qizlarimizni ilm-fanga yoʻnaltirish, bilimli qilish masalasiga eʼtibor nihoyatda kuchaydi. Bu masalada, umuman, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yoʻnalishida olib borilayotgan ishlarda qadam-baqadam koʻrsatkichlarimizni yaxshilab boryapmiz.

Ayollarimiz ilm-fanning qaysi yoʻnalishlariga qiziqadi, deganda birinchi navbatda pedagogika, tibbiyot yoki boshqa ayollarga xos deb bilgan anʼanaviy kasblarni aytishga oʻrganib qolganmiz. Lekin hozirgi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida aniq fanlar yoʻnalishlarida, yaʼni matematika, innovatsion va axborot texnologiyalari va hatto kosmonavtika yoʻnalishlarida ayollar ulushini oshirish boʻyicha katta ishlar qilinyapti. Biz ham aynan mana shu yoʻnalishlar boʻyicha izchil ish olib borishimiz kerak.

Jamiyatimizda faol, bilimi va salohiyati bilan bizga gʻurur bagʻishlaydigan ayollarimiz soni oshyapti, koʻplab yosh olima qizlarimiz bugun xalqaro miqyosda eʼtirof etilyapti, ular jahon ilm-fanini zabt etyapti. Zero bu qizlarimiz uchun oʻrnak va yuksak namuna, yuqori motivatsiya manbai boʻlgan olima ayollarimiz borki, ularni qanchalik eʼzozlasak, qadrlasak arziydi. Respublikamizda fan doktori, professor ayollarimiz va ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh qizlarimiz soni yildan yilga ortib boryapti.

Shu oʻrinda, faol ayollar jamoatchilik kengashlari tuzilib, ularning ishlanmalari ilgari surilishiga, amaliyotga tatbiq etilishiga, olimalarimizni esa xizmat pillapoyalaridan koʻtarilishiga har bir vazirlik, idora doimiy koʻmak beradigan boʻlsa, ishonchim komilki, barcha sohalarda koʻzlangan natijaga erishish mumkin.

Forum doirasida 10 ta shoʻba boʻyicha 200 dan ziyod ilmiy maʼruzalar kelib tushgan boʻlib, joriy yil 14-fevraldan boshlab, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasida oʻtkaziladigan seksiya majlislarida ilmiy maʼruzalar bevosita olima, doktorant, tadqiqotchi ayollar va talaba qizlar ishtirokida keng muhokama etiladi. Mavjud muammolar yechimiga eʼtibor qaratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.