Senat Raisi Tanzila Narbayeva rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradigan Qonunning muhim jihatlariga ahamiyat qaratdi.
– Qonunda qator havolaki normalar mavjud, ularni ishlab chiqish Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklangan, – dedi u. – Xususan, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoyalash va odam savdosidan jabrlanganlarni qayta yo‘naltirish tartibi kabilar. Vazirlar Mahkamasiga ko‘rsatmamiz shu bo‘ladiki, Ichki ishlar vazirligi va boshqa mutassaddi idoralarni jalb qilib ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarni Qonun to‘laqonli ishlash uchun qisqa muddat ichida qabul qilish lozim. Bu masalaga jiddiy yondashish zarur, chunki bizda bu borada muammolar bor. Masalan, o‘tgan yil sentyabrdan kuchga kirgan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan himoya orderini ishlash mexanizmini aks ettiruvchi tegishli nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘rt oy o‘tgach, ya’ni 2020-yilning yanvarida qabul qilindi.
O‘z o‘rnida Qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, uning targ‘ibotiga ham jiddiy kirishish kerak. Odamlarimiz bilsin, O‘zbekiston Respublikasi o‘z fuqarolarini u qayerda bo‘lmasin huquqiy himoya qiladi. Bunga hech qanaqa shubha bo‘lishi kerak emas.
Odam savdosi jabrdiydalari bo‘lgan fukarolarni kafolatli himoya qilish nafaqat xalqaro maydonda davlatimiz nufuzini oshirishga yordam beradi, balki xorijda yurgan har bir yurtdoshimiz qalbida “ortimda Vatanim, davlatim turibdi” degan ishonch hissini paydo qiladi.