Unda amalga oshirilgan loyihalar va Oʻzbekistondagi islohotlar, jumladan, respublikamiz toʻqimachilik sohasida roʻy bergan muhim voqealar boʻyicha yilning dastlabki yakunlari sarhisob qilindi.
Sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tadbirni kirish soʻzi bilan ochar ekan “Maʼlumki, yaqin tariximizda Oʻzbekiston dunyoning eng yirik paxta xom ashyosini yetkazib beruvchi davlatlardan biri boʻlsada, yillik eksport tushumimiz bor yoʻgʻi 1 milliard dollar atrofida edi.
Bugungi kunda esa sohada amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida Oʻzbekiston jahon bozorining eʼtirof etilgan ishtirokchisiga aylanyapti va 2021-yilda qiymati 3 milliard dollarga teng tayyor toʻqimachilik mahsulotlarni eksport qilishga erishdi.
Bu iqtisodiyotimizning yanada barqarorligini taʼminlash hamda fuqarolarimizga yangi ish oʻrinlari yaratib berish uchun muhimdir”, – deya taʼkidlab oʻtdi.
Toʻqimachilik sammiti Xalqaro toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (ITMF), Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy kengashi (UNECE), International Trade Center, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ) kabi yetakchi xalqaro tashkilotlarning bevosita ishtiroki va koʻmagida oʻtkazildi.
Unda Yevropa Ittifoqi va AQSH, Osiyo va Afrika, shuningdek, MDH davlatlaridan 300 dan ortiq taniqli jahon brendlari va riteylerlari, toʻqimachilik kompaniyalari va uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, sammit mamlakatimizda toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishga, toʻqimachilik mahsuloti yetkazish zanjirida barqarorlikni taʼminlashga, milliy mahsulotning eksport geografiyasini yanada kengaytirishga, hamkorlar bilan yangi bitimlar tuzishga va yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgani bilan alohida amaliy ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.