Uchrashuvda Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti tuzilmalari bilan hamkorligi, jumladan madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari tomonlarning diqqat markazida boʻldi.
Jumladan, Senat Raisi ikki tomonlama munosabatlarning birdek muhim yoʻnalishi, bu soʻzsiz madaniy-gumanitar soha ekanligini, Turkiy madaniyat va meros xalqaro fondining turkiy xalqlar madaniyati va merosini asrab-avaylash, tiklash va ommalashtirishga qaratilgan faoliyatini yuksak baholashini taʼkidlab oʻtdi. Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan institutlari bilan doimiy hamkorlikni rivojlantirayotgani qayd etildi.
Oʻz navbatida, Turkiy madaniyat va meros xalqaro fondi prezidenti Gyunay Efendiyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Ozarbayjon–Oʻzbekiston munosabatlari bugun har qachongidan yuqori darajaga koʻtarilganiga alohida toʻxtaldi. Shuningdek, Gyunay xonim Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni yuqori baholadi.
Muloqot chogʻida joriy yilda Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi doirasida 40 ga yaqin, jumladan, madaniy-gumanitar yoʻnalishda tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgani, bunda hamkorlikdagi tashabbus va loyihalarni amalga oshirishda fondning ishtirokiga ham eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishga, oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.