Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning 22-noyabrda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida ayni shu jihatlarga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, davlatlarimiz rahbarlarining muntazam muloqot olib borishi, oʻzaro tashrif va uchrashuvlari natijasida xalqlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikda ijobiy koʻrsatkichlar qayd etilib, joriy yil boshidan (yanvar-avgust) oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 36 foizga oʻsdi. Koʻrsatkichlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani, nafaqat hukumatlar darajasida, balki hududlararo hamkorlik aloqalarini ham yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Parlamentlararo aloqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning amaliy mexanizmi ekanligidan kelib chiqib, Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada jadallashtirish, buning uchun faol saʼy-harakatlarni olib borish muhimligi aytib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Shuningdek, muloqot davomida fan, taʼlim hamda madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.