Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengash 2017-yil 2-noyabrda Maltada tashkil etilgan. Kengashni tashkil etishdan maqsad tinchlik va bagʻrikenglik madaniyatini yuksaltirish, kamsitish, diniy murosasizlik, millatchilik kabi illatlarga qarshi kurashish, tinchlikka erishish uchun bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida huquqiy meʼyorlarni takomillashtirishdan iborat. Kengash bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi hamkorlikning yuqori oʻsish surʼatlari alohida taʼkidlanib, bunda davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar hal qiluvchi oʻrin tutayotgani qayd etildi.

A.Al-Jarvon bagʻrikenglik va tinchlikni mustahkamlash gʻoyalarini ilgari surish maqsadida asosan milliy parlamentlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgan oʻzi rahbarlik qilayotgan xalqaro nodavlat tashkilot haqida maʼlumot berdi.

Mamlakatimizdagi boy madaniy-tarixiy meros va koʻp asrlik bagʻrikenglik anʼanalari, shuningdek, respublikada barcha sohalarda roʻy berayotgan oʻzgarishlar Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengashning Oʻzbekiston bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengash oʻrtasidagi hamkorlikni amaliy jihatdan kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.