Suhbat davomida Oʻzbekiston va BMT Taraqqiyot dasturi oʻrtasidagi amaldagi hamkorlikka yuqori baho berildi. Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy qiymati 163 million dollardan ziyod 43 ta loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu esa mintaqa mamlakatlari orasida eng katta koʻrsatkichlardan biri ekani qayd etildi.
Mazkur loyihalar yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, xotin-qizlarni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Tomonlarning 2021–2025-yillarga moʻljallangan Mamlakat dasturi doirasida sheriklikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligi taʼkidlab oʻtildi. Ekologik barqarorlikni taʼminlash, Orol inqirozi oqibatlarini yumshatish, gender tenglikni ilgari surish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.